Global iqtisodiy inqiroz tufayli, Birlashgan Arab Amirliklari hukumati deyarli har oy mahalliy va xorijiy fuqarolar uchun yangi-yangi yig‘in va soliqlar joriy etmoqda. Bu safar Dubay bilan eng qimmat amirlik shahri maqomi uchun kurashga kirishgan Abu-Dabi amirligida yangi soliq turi paydo bo‘ldi, deb yozmoqda National gazetasi. Endilikda BAA poytaxti mahalliy byudjyeti ijaraga olingan ko‘chmas mulk solig‘i hisobiga ham to‘ldiriladi.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, soliq miqdori ijara qiymatining 3 foizini tashkil etib, faqatgina xorijliklardan kommunal to‘lovlar bilan birga har oyda bir marotaba olinadi. Shu bilan, poytaxtdagi xorijliklar istiqomat qilayotgan har ikki xonalik xonadondan yiliga kamida 1,5 ming dollar yig‘ib olinishi kutilmoqda.
Yangi soliq to‘g‘risida fevral oyidayoq e'lon qilingan bo‘lib, uning Dubaydagidan 2 foizga kamligi e'tiborga olinsa, ko‘chmas mulk bozoriga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak.
Ammo ko‘chmas mulk masalalari bo‘yicha konsaltinglik firmasi Chestertons tahlilchilarining fikricha, "BAAda ko‘chmas mulk ijarasi uchun narx shundoq ham yuqori bo‘lgan bir vaqtda, yangi soliq xonadonni ijaraga olish masalasida hal qiluvchi o‘rin tutishi mumkin".
"Har bir harakat qarshilikni keltirib chiqaradi, shunday ekan, ijarachilar ijaraga beruvchilardan ushbu soliq shartnoma summasiga kiritilishini talab qilishlari aniq, — deydi agentlik vakili Diklan Maknoton. — Biz shundoq ham, ko‘plab ijarachilar poytaxtdan ko‘chishini kutayotgan bir vaqtda, yangi soliq bu jarayonni tezlashtiradi, xolos".
National nashri o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, BAA fuqarolari hukumatning ushbu tashabbusiga tanqidiy baho berishgan. "Oydan oyga yashash tobora og‘ir va qimmat bo‘lib bormoqda, — deb qayd etgan Abu-Dabi fuqarosi Ashraf. — Dastlab avtomobil to‘xtash joyi narxining ko‘tarilishi, so‘ngra aeroport yig‘inlari, endi esa ijara solig‘i".
Abu-Dabi hokimiyati ijara solig‘i bilan deyarli bir vaqtda amirlik mehmonxonalari xizmatidan foydalanganlik uchun narxni 4 foizga oshirishga qaror qildi. Aslida, yirik anjuman va festivallar o‘tkazilganda, BAAdagi mehmonxonalar mijozlari kunlik 150 dollarlik qo‘shimcha haq to‘lashga majbur bo‘lishadi.