Yaponiya va Filippin mudofaa vazirliklari, rasmiy Manilaga 5 dona Beechcraft TC-90 o‘quv-jangovar samolyotini arzon narxda ijaraga berish bo‘yicha bitimga kelishdi. Ular havo kuzatuvini amalga oshirish imkonini beruvchi RLS bilan jihozlanishi mumkin. Ikki mamlakat mudofaa vazirlari Gen Nakatani va Volter Gasmin telefon orqali muloqoti chog‘ida ushbu bitimni tasdiqlashgan.
Umuman olganda, Yaponiya rasman harbiy texnikalarni boshqa davlatlarga beg‘araz bera olmaydi. Shu boisdan ham, samolyotlarni eng arzon narxda ijaraga berish shartnomasi tuziladi, deb xabar qilmoqda Kyodo News agentligi. Shu bilan rasmiy Tokio ilk marotaba harbiy texnikani boshqa davlat ixtiyoriga beradi.
Kyodo News’ning xabar qilishicha, Yaponiya hukumatining bunday siyosatini Xitoyga bosim o‘tkazish niyati bilan izohlash mumkin. Chunki mazkur samolyotlar hududiy tortishuvlar davom etayotgan Janubiy Xitoy dengizi osmonida patrullik qilish imkonini beradi.
Bundan avval, Yaponiya mudofaa vaziri Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASeAN)ga a'zo davlatlarga Janubiy Xitoy dengizida havo hamda dengiz patrulligini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surgandi. U, shuningdek, ASeANning ayrim davlatlari, xususan, Filippin patrullik qilish uchun samolyotlar, kemalar va boshqa uskunalarga muhtojligini bildirib, buning uchun Yaponiya yordam berishga tayyorligini izhor qilgan edi.