OAV: Yaponiyaning Kyusyu orolidagi 12 mingdan ortiq bino qulash xavfi ostida

Jahon 15:32 / 30.04.2016 3256

14-15 aprel kunlari 7,3 magnitudali kuchli zilzilalar ketma-ketligi kuzatilgan Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kyusyu orolida yuqori seysmik faollik saqlanib turibdi. O‘tgan ikki hafta ichida bu yerda 1075 marta sezilarli yer silkinishlari ro‘y berdi, talofat natijasida omon qolgan 12 mingdan ortiq binolar qulash xavfi ostidadir. Bu haqida mamlakatning davlat yerlari, infrastruktura, transport va turizm vazirligi bergan xabarga ko‘ra TASS ma'lum qildi. 

Mutaxassislar umumiy hisobda 43 mingdan ortiq binoni ko‘zdan kechirib, ulardan 12 mingtasini avariya holatida deb tan olishdi. Ularning hisobiga ko‘ra, jami 16 ming turar joylar to‘liq yoki qisman jabr ko‘rgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan Kumamoto prefekturasida yashovchi 30 mingdan ortiq odam uylariga qaytishga qo‘rqib, evakuatsiya markazlarida qolishmoqda. Bunday markazlarning aksariyati maktablarda tashkil etilgan, shu sabab 16 kundan beri o‘quv muassasalari yopiq, 10 minglab o‘quvchilar esa o‘qishni to‘xtatib qo‘ygan. 

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe ikki marotaba falokat ro‘y bergan hududda bo‘ldi. "Men har bir boshqaruv idorasining hech qanday ikkilanishsiz jabr ko‘rgan hududlarni qayta tiklash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rishini istardim", - dedi u shtab majlisida. 

U mahalliy xalq va qutqaruv xizmatlarini har qanday holatga tayyor turishi kerakligini aytdi, chunki bu yerda hanuz muntazam tarzda past magnitudali bo‘lsa-da, zilzilalar sodir bo‘lmoqda.  Masalan, juma kuni Kyusyuda 4,5 magnitudali zilzila qayd etildi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni 49 nafarni tashkil qildi, 200 nafardan ortiq aholi jarohat olib shifoxonaga yotqizildi. Bir kishi bedarak yo‘qolgan. Bundan tashqari yana 17 nafar kishi evakuatsiya punktlarida turli sabablarga ko‘ra halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: