Amerikaliklar dushman bilan to‘qnashuvlardan qocha oladigan aqlli zirhli mashina yaratishmoqda

Fan-texnika 11:32 / 30.04.2016 5171

AQShda ilg‘or mudofaa tadqiqot loyihalari agentligi (DARPA) mustaqil ravishda dushman bilan to‘qnashuvlardan qocha oladigan yangi avloddagi zirhli jangovar mashinani yaratmoqda, deb xabar bermoqda "Novoye Vremya" nashri.

DARPA’da hozirda zamonaviy zirhli mashinalar avvalgidan yaxshiroq himoyalangani va ularga qarshi kurashish vositalari ham bir joyda turmagani ta'kidlandi. Agentlik mutaxassislari mashinaning tezligi va harakatchanligini kamaytiruvchi zirhni kuchaytirishdan kelgusida ma'no yo‘qligini aytishmoqda. Shuning uchun texnikaning yashovchanligini boshqa usullar bilan oshirishga qaror qilindi. 

Ground X-Vehicle Technology (GXV-T) loyihasi doirasida yaratilayotgan yangi zirhli mashina to‘qnashuvlardan qocha oladi. U dushmanni payqagach, jangga kirmaslik yoki juda bo‘lmasa, yaxshi pozitsiyani egallash uchun aylanma yo‘ldan fydalana oladi. Mashina buni mustaqil amalga oshiradi.

Shuningdek, GXV-T "haydovchiga yarimavtomat yordam tizimi"ga ham ega bo‘ladi, uning ba'zi muhim funksiyalari avtomatlashtiriladi. DARPA’ning rasmiy xabarida aytilishicha, mashina zamonaviy samolyotlar ega bo‘lgan imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, agentlik mashinaning harakatchanligi darajasini oshirmoqchi va uni dushman aniqlash tizimlariga iloji boricha sezilmaydiganroq qilishni rejalashtirmoqda.  

Agentlik bu loyihani amalga oshirish uchun 8 ta kompaniyani jalb qildi.

"GXV-T ustida ishlaydigan DARPA hamkorlari "zirh qancha ko‘p bo‘lsa, himoya shuncha yaxshi bo‘ladi" degan tasdiqni inkor qilishga yordam beradilar. Bu tasdiq oxirgi 100 yil davomida quruqlikdagi texnikaning rivojlanishi yo‘lini belgilagan. Bu loyiha 21-asr innovatsion harbiy mashinalarining yaratilishiga yo‘l ochib beradi", deb aytdi dastur rahbari Kristofer Orlovskiy.

Ko‘proq yangiliklar: