«Tottenhem» jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino klub bilan hamkorlikni davom ettirishini tasdiqladi.
«Bu qarorga kelish qiyin bo‘lmadi. Muxlislarning muhabbatini va jamoaning ulkan salohiyatini bilar ekansan, bu qaror qabul qilinishi tabiiy edi.
Biz mashg‘ulotlar vaqtida ajoyib muhitda bo‘lamiz, o‘ylaymanki, jamoa kelajakda katta yutuqlarga erishadi. Men bu loyihaga katta ishonch bildiraman va shu loyihaning bir qismi sifatida shu yerda qolishni istayman.
Biz hali yangi shartnomani imzolamadik, ammo biz 5 yillik yangi shartnoma tuzish bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishganmiz. Uni qachon imzolashimizni so‘raysizmi? Balki bugun. Yoki seshanbada. Bu mening vakillarimga bog‘liq», – deydi Pochettino.
Pochettino jamoa bilan 2014 yilda hamkorlik boshlagandi. U o‘z vaqtida «PSJ» va «Espanol» jamoalarida futbolchilik faoliyatini o‘tkazgan, 2009 yildan 2012 yilgacha «Espanol»ni boshqargan, 2013-2014 yilgi mavsumda Angliyaning «Sauthempton» jamoasida ishlagandi.
Ayni vaqtda «Tottenhem» Angliya premer-ligasining turnir jadvalida 35 turdan keyin 69 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.