Erondan O‘zbekistonga qoradori olib kelish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a'zolari sud qilindi

Jamiyat 18:16 / 29.04.2016 2728

Samarqand viloyatining Juma shahrida sud Erondan narkotik moddalar olib kelishni yo‘lga qo‘ygan jinoiy guruh a'zolariga 3 yildan 14 yilgacha ozodlikdan mahrum etish hukmi e'lon qilindi. Bu haqda sud vakiliga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar bergan.

Ushbu ish jinoiy ishlar bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Manbaning aniqlik kiritishicha, jinoiy guruh a'zolari Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi fuqarolar hisoblanadi.

"Jinoiy guruh a'zolari Eron fuqarolaridan katta miqdorda afyun sotib olib, ularni temir yo‘l vagonlari xonalarida, shuningdek avtomobillar vositasida yashirincha O‘zbekiston hududiga olib kirish bilan shug‘ullanishgan", — degan sud vakili.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, guruh O‘zbekiston hududida narkotiklar savdosi bo‘yicha yirik tarmoq tashkil qilish maqsadida harakatlangan. Shubhali xatti-harakatlar payqalgach, guruh a'zolari ortidan kuzatuv olib borilgan va tez orada ularning barchasi qo‘lga olingan.

"Guruh a'zolarining uylari tintuv qilinganida, 20 kilogrammga yaqin qoradori va katta miqdordagi naqd pul mablag‘lari topilgan", deydi sud vakili.

O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistondan narkotik moddalar olib o‘tiladigan yo‘nalish "shimoliy yo‘nalish" deb ataladi. Har yili bu yo‘nalish orqali Rossiya va Yevropa mamlakatlariga 100 tonnadan ortiq miqdordagi narkotik moddalar yetkazib beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: