Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan, olovli maydonlarda o‘z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlar mudom xalqimiz ardog‘ida. Beayov janglarda jon fido qilgan bobolarimiz xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi. Bugun oramizda yashayotgan 6 mingdan ziyod ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga davlatimiz tomonidan har tomonlama e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Har yili, jumladan, joriy yilning 18 aprelida «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining e'lon qilinishi ham shundan dalolatdir.
Prezidentimiz Islom Karimov mudhish va ayovsiz urushning takrorlanmasligi uchun uning ildizlari yana unib chiqishining oldini olish hozirgi vaqtda eng dolzarb, eng muhim muammo bo‘lib qolayotganiga jiddiy e'tibor qaratmoqda. «Dunyoning ko‘pgina mintaqalaridagi qarama-qarshilik, qurolli to‘qnashuvlar, qonli fojialar, yon atrofimizdagi notinch ahvol, avvalo, Afg‘onistonda 35 yildan ziyod vaqt mobaynida davom etayotgan tahlikali vaziyat Vatanimizni har qanday balo-qazolardan asrash uchun sezgir va doimo ogoh bo‘lib yashashimizni talab qiladi», degan fikrlari tabiiyki, o‘z oilasini, farzandlarini ertangi kuni haqida o‘ylaydigan hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi.
Shundan kelib chiqqan holda, 27 aprel kuni Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent axborot texnologiyalarida «O‘zbek xalqiga tinchlik kerak, omonlik kerak!» mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni tashkil etishdan maqsad: talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda keksalarni e'zozlash, tarixni bilish, milliy o‘zlikni anglash fazilatlarini shakllantirish, uzoqni ko‘zlab, yon-atrofimizdagi, dunyodagi vaziyatni xolisona tahlil qilib, birinchidan, bugun qanday murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni anglashda yoshlarga ko‘mak berish, ikkinchidan, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, uchinchidan esa, ilmli, mas'uliyatli, intizomli, vatanparvar va fidoyi mutaxassislarni tarbiyalashda amalga oshirilish lozim bo‘lgan vazifalarni yana bir bor tahlil qilishdan iboratdir.
Tadbirda Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi vakillari, universitet rahbariyati va talabalari, xalqimiz ardog‘idagi teatr va kino aktyorlar, shoirlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.