Yaponiya hukumati 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlari uchun yangi emblemalar tanladi. Logotiplar Sport o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi tomonidan taqdim etildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Tashkiliy qo‘mita “Kumiitimatsumon” umumiy nomi ostidagi Edo epoxasi (1603-1863 yillar) qadimiy yapon katak dizaynli emblemalar to‘plamini tanlagan. Yapon madaniyatiga berilgan urg‘u aynan shu emblemani tanlashga turtki bo‘lgan.
Sport o‘yinlarining avvalgi emblemasi bilan bog‘liq mashmashalar o‘tgan yilning yoz oyida boshlangandi. O‘shanda muallif Kendziro Sano plagiatda ayblangan. Belgiyalik dizayner Olive Debi 2013 yili Lej shahri teatri uchun yaratgan logotipi va Olimpiada-2020 emblemasi o‘rtasida o‘xshashlik borligini ma'lum qilgan. 14 avgustda dizayner Xalqaro olimpiya qo‘mitasidan ushbu logotipdan foydalanmaslikni talab qilib sudga murojaat etadi. Keyinroq Tokio Olimpiada-2020 o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi nizoli emblemadan voz kechdi.
Yangi emblemani tanlash bo‘yicha tashkil etilgan qo‘mita tarkibiga Yaponiya sport, san'at va iqtisodiyot olamining 20 nafar mashhur vakillari qabul qilindi. Qo‘mita yangi emblema ishlab chiqish borasida 18 yoshdan o‘tgan barcha Yaponiya fuqarolari va xorijliklar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan tanlov e'lon qildi.
XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari Tokioda 2020 yilning 24 iyulidan 9 avgustga qadar bo‘lib o‘tadi.