Mazda kupesifat krossover ishlab chiqdi

Fan-texnika 15:47 / 25.04.2016 2302

Yaponiyaning Mazda avtomobilsozlik kompaniyasi o‘zining birinchi kupe shaklidagi krossoveri CX-4ni taqdim etdi. U Pekinda bo‘lib o‘tayotgan avtomobil ko‘rgazmasida namoyish etilgan. Ushbu yo‘ltanlamas hozircha faqat Xitoyda sotiladi. Autocar nashrining xabar qilishicha, ishlab chiqaruvchilar CX-4 jahon bo‘ylab sotilishi mumkinligini rad etishmayapti. Ammo motor.ru nashri ma'lumotiga ko‘ra, Mazda yangi mahsulotini Rossiya bozoriga olib kirish niyatida emas.

Mazda CX-5 platformasida barpo etilgan CX-4 old tarafida “MakFerson” qo‘llanilgan, ort tomonda mustaqil ko‘ptarmoqli richag o‘rnatilgan. Bunda old va orqa tomon podveskalari geometriyasi o‘zgartirilgan. Bularning bari, boshqaruv davomida avtomobil yengil yurishi uchun amalga oshirilgan.

Mazda CX-4ning gabarit o‘lchamlari bo‘yiga 4633 mm, eniga 1840 mm, balandligi 1530 mm.ni tashkil etadi. G‘ildirak o‘rnatiladigan joy 2700 mm. Yangi yo‘ltanlamas CX-5dan 78 mm. uzunroq, ammo 130 mm.ga pastroqdir. Ikki mashina eni va g‘ildirak joylari bir xil.
Yo‘ltanlamasning yukxonasi hajmi, orqa o‘rindiqlar suyanchig‘i tik turgan holatda 400 litrni tashkil etadi. O‘rindiqlar yig‘ilgan holda, yukxona 3 martadan ko‘proqqa kengayib, 1228 litrni tashkil etadi.

Mazda kompaniyasi CX-4 uchun SkyActive rusumidagi 2.0 va 2.5 litr hajmli ikki xil dvigatelni tayyorlab qo‘ygan. Uning birinchisi 157 ot kuchi bilan ta'minlay olsa, ikkinchisi 191 ot kuchi beradi. Kuchsizroq motorga 6 bosqichli mexanik uzatmalar qutisi yoki 6 diapazonli avtomatik uzatmalar qutisi yordam bersa, birmuncha kuchli agregat faqat avtomatik uzatmalar qutisi yordamida mashinani harakatga keltiradi.

Yo‘ltanlamas, shuningdek, i-ACTIV AWD barcha g‘ildiraklarni aylantirish tizimi va kinetik energiyadan rekuperlash usuli yordamida foydalanish imkonini beruvchi i-ELOOP tizimi bilan jihozlanadi. i-ELOOP mashinani tormozlash vaqtida hosil bo‘lgan energiyani to‘plab, yoritqichlar, konditsioner va audiotizimlarni energiya bilan ta'minlaydi.

Mazda CX-4 tashqi ko‘rinishi, Mazdaning joriy KODO uslubida ishlab chiqilgan. Ayni uslub, xususan «oltilik» va CX-9ni ishlab chiqishda qo‘llanilgan. Modelning intereri ham kompaniyaning boshqa mashinalariga o‘xshab ketadi. Ammo, CX-4ga yangi uskunalar paneli o‘rnatiladi.

Krossover to‘plamiga, 17-dyuymli rezina o‘rnatilgan disklar, (2.5litrlik dvigatel o‘rnatilganiga 19 dyumli), proyektsion displey, Bluetooth, USB va navigatorli MZD Connect mediatizimi hamda bir nechta xavfsizlik tizimlari kiradi. Xavfsizlik tizimlariga, jumladan haydovchiga ko‘rinmaydigan va avtomobil orqaga harakatlanayotganda perpendikulyar turgan mashinadan ogohlantirish hamda avtomatik to‘xtash tizimi kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: