O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning «Lokomotiv» klubi himoyachisi Vitaliy Denisov RFPL 26-tur doirasidagi «Spartak»ka qarshi uchrashuv uchun chiqarilgan to‘rt dona chiptani muxlislarga sovg‘a qilmoqchi. Bugun uning tug‘ilgan kuni bo‘lib, u shunday aksiya orqali muxlislarni xursand qiladi.
«Temiryo‘lchilar» matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, buning uchun muxlislar Moskva markazida sayrga chiqqan Denisovni topishlari kerak bo‘ladi. Chiptani qo‘lga kiritish uchun «faqat «Loko» parolini aytish ham zarur bo‘ladi.
«Tor (Denisovning laqabi) derbi uchun chiptalar bilan sizni Xiyobon halqasi atrofida kutadi. Aniq joy borasida «Lokomotiv» tvitteri orqali xabardor bo‘ling», deyiladi klub bayonotida.
«Lokomotiv» — «Spartak» uchrashuvi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.