AQShning sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton nafaqat Demokratik partiya nomidan AQSh prezidenti lavozimiga nomzod, balki noyabrdagi saylovlarda g‘olib bo‘lishi uchun xatti-harakatlari hozirdagi nutqidan tubdan farq qilishi kerak. Bunday fikrni ABC telekompaniyasiga nufuzli amerikalik milliarder Charlz Kox aytib o‘tdi. Kox o‘zining ukasi Devid bilan Koch Industries korporatsiyasiga egalik qiladi va Respublikachilar partiyasining eng yirik homiysi hisoblanadi.
Kox intervyuda Bill Klinton AQSh prezidenti majburiyatlarini davlat sarflarini oshirib borgan Kichik Jorj Bushdan ko‘ra yaxshiroq eplaganini aytdi. "Klinton, albatta, o‘rnak olish uchun namuna bo‘lmagan. Biroq sarflarni oshirish borasida emas. Sarflar Bush paytida Klinton paytidagidan 2,5 barobar katta bo‘lgan", deb aytdi Kox.
Koxdan Xillari Klinton respublikachi nomzodlarning istalganidan yaxshiroq prezident bo‘la olishi mumkinligi haqida so‘ralganda, "Ha, mumkin", deb qisqagina javob bergan.
Kox sobiq davlat kotibini rasman qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqidagi savolga javob berishdan qochdi. "Buning uchun uning asl harakatlari uning nutqidan farq qilishiga ishonishimiz kerak", deb aytdi milliarder.
Aka-uka Koxlarning AQSh saylovoldi kampaniyasining joriy bosqichdagi siyosiy afzalliklari barcha siyosatshunoslarni qiziqtirmoqda. Shunisi ma'lumki, magnatlar na demokratlar, na respublikachi nomzodlardan birortasini qo‘llab-quvvatlashga biror sent sarflashmagan.
Xillari Klinton so‘zlarining keskinligi nafaqat uning partiya bo‘yicha raqibi senator Berni Sandersni hayron qoldiradi. Misol uchun, The New York Times gazetasining Oq uydagi doimiy muxbiri Mark Lendler o‘zining maqolasida Klinton AQSh prezidenti bo‘lsa, davlatni Amerikaning ustunligiga ishonuvchi va Rossiyaga adovat bilan qaraydigan "qirg‘iy" (o‘z davlati mavqeini yaxshilash maqsadida boshqa davlat, hukumat va tashkilotlarga nisbatan qat'iy choralar qo‘llash tarafdori) boshqarishini aytgan. Jurnalistning aytishicha, Klinton "tashqi siyosatda Obama va ko‘plab demokratlardan ko‘ra tajovuzkorroq harakat qiladi".