Loydan qurilayotgan “dom” – Izboskanda ko‘p qavatli uy qurilishida sement o‘rniga adir tuprog‘i ishlatilmoqda

Jamiyat 18:05 / 13.11.2024 19056

Kun.uz’ga Andijon viloyati Izboskan tumanining Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi 5 qavatli uylarning qurilishi sifatsiz amalga oshirilayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi. Unda g‘isht terishda quruvchilar tomonidan sement ishlatilmagani, hali odamlar ko‘chib o‘tmasidan zinalardagi kafellar ko‘chib, sinib ketgani aytilmoqda.

Tahririyatga taqdim qilingan videolavhada ham terilgan g‘ishtlar orasidagi qotishmalar qo‘l tekkanida to‘kilib ketayotganini ko‘rish mumkin. Hatto “dom”lardan birining yon devoriga terilgan blok g‘ishtlar qimirlab turibdi.

Ko‘p qavatli uylar juda sifatsiz qurilmoqda. Binoning zilzilaga bardosh bermaslik ehtimoli katta. Sababi, beton ustunlar binoni tutib turish uchun mutlaqo yaroqsiz. Tsement o‘rniga adir tuprog‘i ishlatilgan. Umuman sement aralashtirilmagan. Odamlarni bosib qolsa nima bo‘ladi?” deyiladi murojaatda.

Murojaatchilarning qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari to‘liq yakuniga yetmasdan bankdan hali qurilmagan qavatga kredit ajratilgan. Tuman kadastr bo‘limi esa hali qurilmagan, bitmagan qavatlardagi uylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan.

Xaridorlarning tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlari natija bermagan.

Izboskan tumani prokuraturasi va boshqa yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilsak ham quruvchiga chora ko‘rilmayapti. Tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda quruvchi 20 nafar uy olgan shaxslar oldida “ariza qilavermanglar, sizlarning qurilishga bergan pullaringizni prokurorga berib, arizalaringizni yopib chiqyapman”, dedi. Axir odamlar bitmasdan qolib ketgan uyga 3-4 yildan beri kredit to‘lab kelishmoqda”, deya ta’kidlaydi Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan murojaatchilaran biri.

2024 yil 11 yanvar kuni Izboskan tumani prokuraturasi fuqaroning murojaati asosida Andijon viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Z.Ummataliyevga xizmat tekshiruvi o‘tkazish yuzasidan taqdimnoma kiritgan.

Taqdimnomada “Izzatbek savdo kapitali” MChJ tomonidan 2020 yil Izboskan tumanining Mirzo Ulug‘bek mahallasi Yangibozor ko‘chasida ko‘p qavatli turar joyning 1-binosi qurilgani aytiladi.

“Jamiyatning 2020 yil 9 oktyabrdagi qurilishi tugallangan bino- inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari portali orqali yo‘llagan murojaati inspeksiya tomonidan ko‘rib chiqilib, 2020 yil 14 oktyabrda binoni qurilishi tugallangan obekt sifatida foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilgan. Biroq oradan 4 yil o‘tganiga qaramasdan binoning qurilish va ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanmagan”, deya ta’kidlangan prokuratura taqdimnomasida.

O‘rganish davomida mazkur ko‘p qavatli turar joyni foydalanishga qabul qilgan inpeksiya xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani ma’lum bo‘lgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Izzatbek savdo kapitali” MChJning 75 foiz ulushi Abrorbek Isomiddinovga, 25 foizi esa Shavkatbek Shodmonovga tegishli.

Quruvchi tashkilot xaridorlar bilan tuzilgan shartnomada xonadonlarni ta’mirlangan holda topshirishni bayon qilgan. Lekin xonadon sotib olganlar kanalizatsiya, elektr energiya, tabiiy gaz va suv tarmoqlari hali tortilmaganini, bino avariya holatida, odam yashashga yaroqsizligini aytib, norozi bo‘lishmoqda.

Avvalroq Yangiyo‘lda “dom” qurilishi ishlar sifatsiz bajarilgani uchun to‘xtatilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: