Kaspiy dengizida Rossiyaga tegishli PALFLOT 2 tankerida chiqqan yong‘in bartaraf etildi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.
Ozarbayjon favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, yong‘in Moskva vaqti bilan soat 17:06 da to‘liq o‘chirilgan. O‘z navbatida Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligining Astraxan viloyati bo‘yicha boshqarmasi ayni vaqtda kemaning tashib ketilishi masalasi hal qilinayotganini aytgan.
Avvalroq tankerda yong‘in chiqishi holati bo‘yicha tergovgacha tekshiruv boshlangani ma'lum qilingandi. Shuningdek, Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘inni o‘chirishda ishtirok etmagani ma'lum qilingandi.
PALFLOT 2 tankeri Kaspiy dengizida, Ozarbayjon bilan chegaradagi Turkmanistonga tegishli suv hududida sohildan 110 km va Astraxandan 800 km uzoqlikda yonib ketgan. Kema bortida 11 kishi bo‘lgan, bir dengizchi halok bo‘lgan, qolganlari evakuatsiya qilingan.