Dilbar Ikromova: «Otam o‘qishga hujjatlarimni onamdan yashirincha topshirishimni maslahat bergan»

Jamiyat 17:25 / 24.04.2016 9484

O‘zbek teatr va kino muxlislarining sevimli aktrisalaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova “Darakchi” gazetasiga intervyu berdi. O‘zbek Milliy akademik drama teatrining fidoiy va ustoz san'atkorlaridan hisoblangan Dilbar Ikromova suhbat davomida san'atga bo‘lgan ilk mehrining paydo bo‘lishidan boshlab ijodi, tanlagan sohasida erishgan yutuqlari va o‘zi duch kelgan ayrim to‘siqlar haqida so‘zlab berdi.
Aktrisaning aytishicha, uning otasi Ilhombek O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, onasi Jamilaxon uy bekasi bo‘lgan. Oilasida sakkiz farzand bo‘lib, Dilbar Ikromova ikki o‘g‘il, olti qizning uchinchisi bo‘lgan.

Dilbar Ikromova bolalik xotiralarini yodga olarkan, shunday deydi: — Bolaligimda sho‘x bo‘lmaganman. Otamning she'r o‘qishi, rasm chizishishga onamning esa dutor chalishiga mahliyo bo‘lib o‘tirardim. Onamning shu hislati menga o‘tmagan-da, deb o‘kinaman. Buvim hammamizni yig‘ib, ertak aytganida boshimni oyog‘imning orasidan chiqarib, uch buklanib tursam, “Jamila”, shu qizingni xonadan olib chiq. Qizing g‘alati-ya, shifokorga ko‘rsatinglar, deb jig‘ibiyron bo‘lardi. Egiluvchanligim yuqori bo‘lgani uchun har xil harakatlar qilishni yaxshi ko‘rardim.

207-maktabni talabchan ustozlari qo‘lida tahsil olgan Dilbar Ikromova o‘sha kezlari hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrda sahnalashtirilgan Qudrat Xo‘jayev, Olim Xo‘jayev, Zamira Hidoyatova ishtirokidagi spektaklni ko‘rgach, san'atga mehr qo‘yadi. 10 yillik maktabni tamomlagach, keyinchalik hujjatlarini Toshkent teatr va rassomchilik institutiga topshirishga ahd qiladi.

Dilbar Ikromova: “Onam “Seni u yerga o‘qishga qabul qilishmaydi, kichkinagina, ko‘rimsiz qiz bo‘lsang. Aktyorlikka kelishgan yigit-qizlarni qabul qilishadi”, degan. Bola bo‘lishimga qaramay irodam kuchli edi. O‘zimga hali hammaga mendan ham san'atkor chiqishini isbotlayman, degandim. Otamga onam ruxsat bermaganinin aytgandimda, “Hech kimga indamay”, hujjatlaringni topshirib kelaver, deya meni ruhan qo‘llab-quvvatlagan.

Imtihonda hay'at-a'zolarining birinchi savoli: “Siz maktabni bitirganmisiz? 5-6 sinf o‘quvchisiga o‘xshar ekansiz”, deb kulishgandi. Keyin “Qaysi asardan parcha o‘qib berasiz?”, deyishganida “Boy ila xizmatchi”dagi Sifat buvini”, desam yana kulgi ko‘tarilgan. Mahoratli ijro etib, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganman. “Imtihonga kelganlarning bari bosh qahramonlarni ijro etishga intilishadi. Sizning boshqa yo‘ldan borganingiz ma'qul keldi”, deya o‘qishga qabul qilishgan.
Aktrisa uchinchi bosqichda o‘qib yurgan kezlarida hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Boy ila xizmatchi” spektakli sahnalashtiriladi. Ustozi ushbu spektaklida Maston roliga mos aktrisa izlashayotgani, To‘la Xo‘jayev degan odamga uchrashi kerakligini aytadi. Ustozining maslahatiga amal qilgan aktrisa mashhur rejissyor Turob Xo‘jayev bilan uchrashib, undan san'atning ko‘p sir-asrorlarini o‘rganadi. 1968 yili teatrda yordamchi guruhda ishlab, 1970 yilda To‘la Xo‘jayev aktrisani teatrga, ishga taklif qiladi. Teatrdagi faoliyati davomida hamkasblarining: “Bu yerda umringni o‘tkazma, ket”, degan “masalahat”lari aktrisa ruhiyatimga ta'sir qilib, o‘ksinganidan o‘ychan bo‘lib qoladi. Dilbar Ikromova rolsiz qolgan kunlarida qattiq tushkunlikka tushib, ko‘nglida “Ketsammikan?”, degan ikkilanish paydo bo‘lgan.

Rolsiz yurgan kunlarining birida Dilbar Ikromovani Turg‘un Azizov o‘zi sahnalashtirayotgan “O‘zbekcha raqs” spektakliga taklif etadi. Hamkasblarining Turg‘un Azizovga “Bu Dilbar Ikromovaning roli emas!” deyishlariga qaramay, aktrisa o‘z obrazi xarakterini to‘laqonli ochib berishiga ishonadi. Asardagi Qumri chevarning qismatidan ta'sirlangan aktrisa buning uddasidan chiqqan ham.

Ilk marotaba 35 yoshida Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmida Sotti rolini ijro etgan aktrisa xalq nazariga tushadi. Teatrda momo, ona rollarini ijro etib kelayotgan aktrisa 80-yillardan boshlab kinoda ham ona rollarini ijro eta boshlaydi.

Dilbar Ikromova: “Onam doim “O‘zbekiston xalq artisti» unvonini olganingni ko‘rsam, armonim yo‘q edi. Keyin o‘lsam ham mayli edi” derdi. Aytganidek, unvon olganimdan bir oy o‘tib, 84 yoshida vafot etdi. Otam esa 74 yoshida olamdan o‘tgan. Yorug‘ kunlarni ko‘risholmadi, deb o‘kinaman.

Ko‘proq yangiliklar: