Ekvadorda yana bir zilzila ro‘y berdi, dastlabki zilzila qurbonlari soni 600 nafardan oshdi

Jahon 08:54 / 23.04.2016 916

Ekvadordagi kuchli zilzila qurbonlari soni 602 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotiga tayanib, Reyter agentligi xabar berdi.

Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, mamlakat hududida yana bir necha hafta davomida yer silkinishlari davom etadi va bu zilzilar kuchi yuqori bo‘lmaydi. Hukumat aholini vahimaga tushmaslikka chaqirgan.

Bundan oldingi ma'lumotlarda zilzila qurbonlari soni 587 kishiga yetgani aytilgandi.

23 aprelga o‘tar kechasi Ekvadorda navbatdagi zilzila qayd etilgan.

Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazi ma'lumotlariga ko‘ra, 5,8 magnitudali yangi zilzila episentri mamlakat poytaxti Kito shahridan 214 km g‘arbda, Muinse shahridan 26 km g‘arbda joylashgan.

Hozircha bu zilzila talofatlari hamda qurbonlar haqida aniq ma'lumotlar keltirilmagan.

16 aprel kuni Ekvadorda 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning markazi Muisne aholi punktidan 28 kilometr janubi-sharqda, o‘chog‘i 20,2 kilometr chuqurlikda joylashgani aytildi. Tabiiy ofat oqibatida ko‘p qavatli mehmonxonalar, restoranlar va turar-joy binolari qulab ketdi.

Bundan oldinroq, Jahon banki Ekvador hukumatiga zilzila oqibatlariga qarshi kurashish uchun 150 mln dollar miqdoridagi mablag‘ni ajratishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: