Bangladeshda universitet professorini o‘ldirib ketishdi

Jamiyat 18:00 / 23.04.2016 1156

Bangladeshning mahalliy universiteti professori ishga ketayotgan vaqtda o‘ldirib ketilgan. 58-yoshli ingliz tili o‘qituvchisi Rizoul Karim Siddiqqa uyiga yaqin bekatda avtobusni kutayotgan vaqtda noma'lum kimsalar hujum qilgan va xanjar bilan so‘yib ketishgan.

Qotillikning shafqatsizlarcha amalga oshirilganini qayd etgan politsiya mahkamasining Frans press agentligiga ma'lum qilishicha, professorning bo‘yniga kamida 3 marta pichoq tortilgan.

So‘nggi vaqtlarda Bangladeshda mashhur blogerlar, dunyoviy davlat tuzumi tarafdorlari va ateistlar o‘ldirib ketilgan edi.

Jinoyatda Bangladesh jamoat arboblariga hujum qilayotgan diniy radikallar gumon qilinmoqda. Birinchi navbatda, o‘zlarining ateistik qarashlarini oshkora targ‘ib qilgan blogerlar ularning nishoniga aylanishdi. Ular asosan xanjar va go‘shtbolta yordamida o‘ldirib ketilgan.

Siddiq ham bir necha marta madaniy tadbirlarni tashkil etgan va Bagmar shahrida avvallari diniy maktab o‘rnida musiqa maktabiga asos solgan edi. U she'r va hikoyalar yozgani va mahalliy jurnal muharriri bo‘lganiga qaramay, diniy mavzularda hech qanday bayonot bermagan.

Aprel oyi boshlarida, Bangladesh poytaxti Dakka shahrida ham huquqshunos-talaba Nazimuddin Samad o‘ldirib ketilgan edi. Bungacha, u o‘zining ateistligini tan olgan.

Ko‘proq yangiliklar: