O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 5 apreldagi «Toshkent shahri transport infratuzilmasini yanada takomillashtirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, poytaxt ko‘chalarida tramvay qatnoviga barham berilishi munosabati bilan, «Toshkent tramvayi» unitar korxonasiga tegishli bino va inshootlar kimoshdi savdosi orqali sotiladi.
«Toshshahartransxizmat» kompaniyasining rasmiy saytida joylashtirilgan e'longa ko‘ra, sotiladigan bino va inshootlar (maydoni 58,3 ming kv.metr) 24,3 gektar umumiy maydonni egallagan. Ro‘yxatga ikkinchi va uchinchi depolar bino va inshootlari, shuningdek, shahar elektrtransportiga xizmat ko‘rsatish bo‘linmasi va yo‘llar xizmatiga qarashli birinchi va ikkinchi depolar bino-inshootlari kiritilgan.
Hukumat qaroriga muvofiq, kimoshdi savdosidan tushgan mablag‘lar, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 400 dona Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobusini xarid qilish uchun ajratilgan kreditlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
2016 yil 22 aprelidan boshlab, shaharda 9 va 13 tramvay yo‘nalishlarida vagonlar qatnovi to‘xtatildi. Ammo hozircha, qolgan ikki yo‘nalish (8 va 17) faoliyati qachon to‘xtatilishi ma'lum emas.
Mamlakat hukumati 2011-12 yillarda Chexiyadan xarid qilingan 20 dona Vario LF tramvay vagonlarini xorijga sotish istagida.
Umuman, «Toshkent tramvayi» ixtiyorida 87 dona vagon bo‘lib, shulardan 51tasidan foydalaniladi. Tramvay qatnovi to‘xtatilgan yo‘nalishlarda esa, yo‘llarni demontaj qilish ishlari faol ravishda olib borilmoqda.
«Gazeta.uz» ma'lumotiga ko‘ra, ta'mirlash ishlari 1 sentabrgacha mo‘ljallanishi ko‘zda tutilgan.