O‘zbekiston Respublikasi hukumati mamlakatga olib kirilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimlarini bojxona to‘lovlaridan ozod etish muddatini uzaytirdi. Hukumatning 2016 yil 12 apreldagi qaroriga muvofiq, bunday tizimlarni xorijdan sotib olgan fermerlar 2021 yil 1 yanvargacha bojxona imtiyozidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi, deb yozmoqda review.uz sayti.
Bojxona imtiyozi, tomchilatib sug‘orish tizimlaridan tashqari, mevali ekinlar ko‘chatlari va payvandtaglarga ham joriy etiladi.
Respublika qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 18,5 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalaniladi, egiluvchan quvurlar bilan esa 18,4 ming gektar yer sug‘oriladi. Plyonkali sug‘orish usuli 16,3 ming gektar yerda qo‘llaniladi.
Moliya vazirligining ma'lum qilishicha, 2015 yili Respublikada tomchilatib sug‘orish tizimini rivojlantirish maqsadida 200 mln. so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflangan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 19 aprelidagi "2013-2017 yillarda sug‘oriladigan yerlar meliorativ holati va suv resurslaridan samarali foydalanishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq, 2018 yilgacha tomchilatib sug‘oriladigan yer maydoni 25 ming gektarga yetkaziladi.
2013 yil 1 mayidan boshlab, meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari yetishtirish maqsadida olinadigan yer ijara shartnomasiga tomchilatib sug‘orish va sug‘orishda suvni tejovchi boshqa texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha majburiyatlarga oid band ham kiritilgan.