Samanta Harvi kosmonavtlar haqidagi romani uchun Buker mukofotiga sazovor bo‘ldi

Jahon 16:33 / 13.11.2024 1123

Britaniyalik yozuvchi Samanta Harvi «Orbitada» (Orbital) romani uchun 2024 yilgi Buker mukofoti sovrindori bo‘ldi. Bu haqda mukofotning rasmiy sayti xabar berdi.

Harvi mukofotni 2019 yildan beri qo‘lga kiritgan birinchi ayol bo‘ldi. Shuningdek, tarixda birinchi marta koinotdagi hayotni tasvirlovchi roman g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Kitob hajmi atigi 136 sahifani tashkil etadi. G‘alaba uchun Samanta Harvi 50 ming funt sterling (≈ 840 mln so‘m) oladi.

Roman voqealari Xalqaro kosmik stansiyada bo‘lib o‘tadi. AQSh, Rossiya, Italiya, Yaponiya va Buyuk Britaniyadan olti nafar astronavt hayotiy ishlarni bajaradi va Yerni uzoqdan kuzatadi. Vaqt o‘tishi bilan ular Yersiz hayot qanday bo‘lishi va insoniyatsiz sayyora nimani anglatishi haqida o‘ylay boshlaydi. Kosmonavtlar o‘z qo‘rquvlari va orzularini muhokama qilishadi va moviy sayyoraning muhim qismi - uning himoyachilaridek his qilishadi.

O‘tgan yili Buker mukofoti irlandiyalik Pol Linchga «Payg‘ambar qo‘shig‘i» romani uchun berilgan edi. Kitob o‘z mamlakati hukumati zulm va fashizm tomon ketayotgan bir paytda oilasini saqlab qolishga urinayotgan ayol hayotini hikoya qiladi.

Buker mukofoti ingliz adabiyoti olamidagi eng nufuzli sovrinlardan biridir. Mukofot birinchi marta 1969 yilda topshirilgan. 2013 yilgacha u Hamdo‘stlik davlatlaridan biri Irlandiya yoki Zimbabveda yashovchi muallifga ingliz tilida yozilgan romani uchun berilgan. 2014 yilgi mavsumdan boshlab mukofot muallifning millatidan qat’i nazar, ingliz tilida yozilgan roman uchun beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: