Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ijtimoiy tarmoqlar orqali Chechenistonda yuzlab odamlar ichterlamadan zaharlangani haqida xabarlar tarqatilganidan darg‘azab bo‘ldi. Gaplarga qaraganda, respublikada ichterlamadan 40 kishi halok bo‘lgan va yuzlab odamlar shifoxonaga tushgan. Qodirov internetda tarqalayotgan bu xabarni "orsiz va asossiz yolg‘on" deb atadi.
"Ishonch bilan aytamanki, bu orsiz, asossiz va ochiqcha yolg‘on! Chechenistonda hech qanday ommaviy yoki yakka zaharlanish holati qayd qilinmagan. Mening topshirig‘im bilan barcha shifoxonalar tekshirildi. Bu gaplarning tarqatilishidan maqsad omma orasida vahima keltirib chiqarishdir. Men tomondan tegishli idoralarga bu holatni zudlik bilan tekshirish taklif qilindi", deb aytdi Qodirov.
Qodirov yuzaga kelgan vaziyatni shaxsan o‘zi taftish qilish va yolg‘on xabarlar tarqatilayotgan manbalarni aniqlashga va'da berdi. Uning aytishicha, ig‘vo tashkilotchilari ushlanib, javobgarlikka tortiladi.
Yolg‘on xabarlarni Checheniston sog‘liqni saqlash vaziri Muso Ahmadov ham inkor etdi. Ahmadov "bu xabar hech qanday asosga ega emasligini va kimdirning ig‘vosi yoki yovuz hazili ekanligini" aytdi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bir necha kun davomida WhatsApp messenjeri orqali Chechenistonning Gudermes tumanida aholining ommaviy zaharlanishi yuz bergani haqidagi xabarlar tarqatilmoqda.