Quyosh batareyalari quvvati hisobiga harakatlanuvchi samolyot yana dunyo bo‘ylab sayohat qiladi. Uchuvchi Bertran Pikar boshqaruvidagi Solar Impulse 2 samolyoti 62 soat davomida Havayi orollaridagi Kalayeloa aeroportidan Kaliforniyaning Moffett aeroportiga uchib borishi lozim. Bu haqda loyihaning rasmiy Twitter sahifasida ma'lum qilindi.
Solar Impulse 2 samolyotining dunyo bo‘ylab sayohati 2015 yilning yozida Nagoyadan Havayiga besh kunlik parvoz chog‘ida quyosh batareyalarining qizib ketishi tufayli to‘xtatilgan edi. Samolyotni ta'mirlash ishlari va parvoz uchun qulay sharoitlar kutib sayohat kechiktirildi.
Havayidan Kaliforniyaga uchish samolyot dunyo bo‘ylab sayohatining to‘qqizinchi hududi bo‘ldi. Solar Impulse 2’ning so‘nggi manzili BAAning Abu-Dabi shahri hisoblanadi. Aynan shu yerdan 2015 yil 9 mart kuni samolyot sayohatga yo‘l olgan.
HB-SIB - Solar Impulse seriyasidan ikkinchi modelning nomi – alternativ energetika imkoniyatlarini namoyish etishga mo‘ljallangan. Uning taqdimoti 2014 yil 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan.
Missiyani amalga oshirish chog‘ida Solar Impulse 2 uchuvchisi bitta uchuvchi boshqaruvidagi parvoz davomiyligi rekordini yangiladi. U 117 soat 52 daqiqada 7212 kilometrdan ortiq masofani uchib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Solar Impulse 2 samolyotini Andre Borshberg va Bertran Pikar navbatma-navbat boshqaradi. Parvoz davomida uchuvchi bir kunda uyqu uchun o‘n marta 20 daqiqalik tanaffuslar qiladi.