Polshada soxta yahudiy ravvin fosh qilindi

Jahon 22:40 / 22.04.2016 1808

Polshalik yahudiylar ravvin sifatida ularning ishonchiga kirgan nasroniy katolikni fosh qilishdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.

Ushbu voqea Poznanda yuz berdi. Shaharning yahudiylar jamoati vakili Alisiya Kobusning aytishicha, o‘zini Xayfa shahridan bo‘lgan Yakov ben Nistell deb tanishtirgan erkak yahudiylarning ishonchiga kirib olgan. U Isroil mustaqillik kuniga an'anaviy bayram noni pishirgan, yahudiylar qabristonida qabrlarga qarab yurgan, yahudiy tilida bemalol gaplashgan, Isroil radiosini tinglagan, barcha duolarni bilgan va yahudiylar tarixi bo‘yicha ma'ruzalar o‘qigan. Uni birinchi bor ko‘rgan yahudiylar uni ravvin deb o‘ylashmagan, erkak bunga qarshilik ham qilmagan. Polshaning bosh ravvini Mixael Yosef Shudrix soxta yahudiy bilan bir necha bor uchrashganini, u doimo jilmayib turadigan xushmuomala odam bo‘lganini aytgan.

Erkak tasodifan fosh qilindi: uning qadrdon shahri Tsexanuv aholisi katolik va musulmon ruhoniylari ishtirokidagi tadbirning teletranslyatsiyasi vaqtida o‘z hamshaharlarini tanib qolishgan. Ular uning asl ismi Yatsek Nashchota ekanligi, o‘zi katolik va yaqin kunlargacha oshpaz bo‘lib ishlaganini ma'lum qilishgan. Erkak fosh bo‘lganini bilgach, g‘oyib bo‘lgan.

Shaharning yahudiy jamoati erkak ularning obro‘siga qandaydir ziyon yetkazgan bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirishmoqda. Bu orada Shudrix bu voqea ayanchli bo‘lsada, biroq Polshada yahudiy an'analariga qiziqishning ortayotganidan dalolat berishini aytgan. "Kim 30 yil avval, 70 yilni gapirmasayam bo‘ladi, ravvin bo‘lishni xayoliga keltirgan?", deb savol bilan yuzlandi Shudrix.

Bugungi kunda Polshada 80 mingga yaqin yahudiy yashaydi. 47 foiz polyaklar yahudiylar mamlakatda katta ta'sirga ega, deb hisoblaydilar.

Ko‘proq yangiliklar: