Foydalanuvchining suratiga turlicha sayqallar beruvchi mashhur MSQRD mobil ilovasining belaruslik yaratuvchilari Facebook bosimi ostida siyosatga to‘g‘ri kelmaydigan filtrlarni o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldi. Bu haqida TJ nashri xabar berdi.
Yaqin kunlardan beri MSQRD ilovasida Obama, hindu va Leonardo Di Kaprioning niqoblari yo‘q qilingan, Snup Dogning niqobi esa reperga xos teri rangidan mosuvo bo‘lgan. Ularning o‘rniga boshqa yangi filtrlar paydo bo‘ldi, ularning orasida Facebook tarmog‘ining Like belgisi aks ettirilgan kepka ham bor. Stalinning niqobi esa qoldirilgan.
MSQRD bosh direktori va asoschilaridan biri Yevgeniy Nevgenning so‘zlariga ko‘ra, Facebook tarmog‘i ta'sirida niqoblarni olib tashlash qaror qilindi.
"Gap shundaki, Facebook bilan ittifoqdoshlik bizga ko‘p cheklovlar qo‘yilishiga sabab bo‘ldi. Biz siyosiy jihatdan o‘zimizni to‘g‘ri tutishimiz, barcha irqchilik harakatlaridan tiyilishimiz kerak. Masalan, bizga hindu niqobini olib tashlashni maslahat berishdi. Come on! Nahot bu irq ajratish bo‘lsa? Belarusda bu biz uchun shunchaki qiziq niqobdek tuyulardi. Biroq amerikaliklar bunday narsalarga juda katta ahamiyat berishadi. Snoop Dogg'ning niqobi ham to‘g‘ri kelmadi, axir kimdir yozishi mumkin-ku: "Oq odamlar qoralarning niqobini kiyib mazax qilishmoqda" deb.
Yevgeniy Nevgen, MSQRD bosh direktori
Nevgen boshqa ba'zi ma'lumotlarga ham oydinlik kiritdi: MSQRD ilovasidan 35 million kishi foydalanadi (qancha vaqt ichidaligi aniq aytilmadi, ammo odatda oxirgi oy ma'lumotlari beriladi), ikki oy ichida jamoamiz Londonga ko‘chib o‘tadi.
Facebook kompaniyasi tomonidan MSQRD'ning sotib olinishi 9 mart kuni ma'lum bo‘lgandi.