Ekvadordagi kuchli zilzila qurbonlari soni 587 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat bosh prokuraturasi ma'lumotiga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi.
Avvalroq yer silkinishi oqibatida 525 kishining halok bo‘lgani haqida ma'lum qilingan edi.
16 aprel kuni Ekvadorda 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning markazi Muisne aholi punktidan 28 kilometr janubi-sharqda, o‘chog‘i 20,2 kilometr chuqurlikda joylashdi. Tabiiy ofat oqibatida ko‘p qavatli mehmonxonalar, restoranlar va turar-joy binolari qulab ketgan.
Eng ko‘p qurbonlar Manta shahrida qayd etilgan. U yerda 174 kishi halok bo‘lgan. Pedernalesedan 172 kishining, Portovexo shahridan esa 118 kishining jasadi topilgan.
Zilzila qurbonlarining 20 nafari xorijlik ekani qayd etilgan. Qurbonlar orasida sakkiz nafar kolumbiyalik, besh nafar kubalik, ikki nafar kanadalik, shuningdek, bir nafardan Dominika Respublikasi, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniya fuqarolari bor.
Ta'kidlanishicha, xarobalar tartibga solinishi va qidiruv operatsiyasi o‘tkazilishi jarayonida zilzila qurboniga aylangan xorijliklar soni o‘sishi mumkin.