Xirosima meri Kadzumi Matsui agar AQSh prezidenti Baraka Obama ushbu shaharga tashrif buyurishga qaror qilsa, undan atom bombardimoni uchun uzr talab qilmaydi. Shahar ma'muriyati rahbari bu haqda o‘z qarorgohida matbuot konferensiyasida ma'lum qildi.
“Tabiiyki, biz atom bombardimoni uchun javobgarlik masalasini ko‘ndalang qo‘yish istagimiz bor, biroq bu hodisaga 70 yil bo‘ldi va bu muammoni kelgusi avlodlar yengib o‘tishi zarur”, - deb javob berdi mer Obamaning “yettilik” sammitida ishtirok etish uchun Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Xirosimaga ham kelish ehtimoli xususidagi savolga.
Shu paytga qadar AQSh prezidentlarining hech biri Xirosimani ham, Nagasakini ham ziyorat qilmagan. Biroq 11 aprel kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri “yettilik”ning boshqa yetakchilari bilan birgalikda Xirosimaga kelib, yodgorlik ostiga gulchambar qo‘ydi. Jon Kerri 1945 yildan buyon Xirosimaga tashrif buyurgan AQShning eng yuqori martabali mansabdori bo‘ldi.
AQSh tomoni Xirosima va Nagasakiga berilgan zarbalar Tokioning kapitulyatsiyasini tezlashtirgan va shu orqali ikkala tomondan ham ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolganini rasman ta'kidlab keladi.