Ularni har kuni yutamiz: havoni ifloslantiruvchi 10 ta eng zararli modda

Fan-texnika 15:22 / 13.11.2024 2092

Dunyoda har 10 kishidan to‘qqiz nafari iflos havodan nafas oladi. Ifloslantiruvchi moddalar o‘z tarkibi, salomatlikka ta’siri va kelib chiqish manbalari bo‘yicha nihoyatda xilma-xil. IQAir eng keng tarqalgan va xavfli 10 ta ifloslantiruvchi modda va ulardan qanday himoyalanish haqida ma’lumot berdi.

1. Qattiq zarralar

Ifloslangan havo tarkibida suzib yuruvchi zarrachalar ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Qattiq zarrachalar (shuningdek, havodagi zarralar, ifloslantiruvchi zarralar yoki QZ deb ham ataladi) tuproq, chang, tutun va juda mayda suyuqlik tomchilaridan tashkil topadi. Havodagi zarrachalar uch xil o‘lchamga ega: PM10, PM2,5 va o‘ta mayda zarrachalar.

PM10 (yirik zarrachalar)

Yirik zarrachalar yoki PM10 — diametri 2,5 mikrometrdan 10 mikrometrgacha bo‘lgan nafas olinadigan zarrachalardir.

Chordoqda uchib yurgan chang yoki o‘rmon yong‘inidan ko‘tarilayotgan tutun — bular ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan PM10 zarralariga misol. Ushbu moddalar tomoq, ko‘z va burunga ta’sir ko‘rsatib, sog‘liq uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

PM2.5 (mayda zarrachalar)

Mayda zarrachalar yoki PM2.5 — diametri 2,5 mikrondan kichik bo‘lgan nafas olinadigan zarrachalar bo‘lib, ularni faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin. Mayda dispersli zarrachalarning keng tarqalgan manbalariga uy hayvonlari yungidagi qazg‘oq, bakteriyalar, shuningdek, qurilish maydonlari va binolarni buzish joylaridagi chang kiradi. PM2.5 zarrachalari shunchalik kichikki, ular o‘pka to‘qimalariga kirib, astma, bronxit va emfizema kabi nafas kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu moddalarning uzoq muddatli ta’siri o‘pka faoliyatini va umr ko‘rish davomiyligini ham pasaytiradi.

Ultra yupqa zarralar

O‘ta nozik zarrachalar 0,1 mikrondan kichik diametrga ega va havoda mavjud barcha ifloslantiruvchi moddalarning taxminan 90 foizini tashkil qiladi

Qaysi biri eng xavfli?

Ultra yupqa zarralar eng xavfli qattiq zarrachalar hisoblanadi, chunki juda kichik o‘lchami tufayli ular nafas orqali tanaga oson kiradi. So‘ng o‘pkaga o‘tadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri qonga so‘riladi, natijada organizmning istalgan a’zosiga tezda yetib borishi mumkin.

Ushbu moddalar inson salomatligiga, ayniqsa, jiddiy ta’sir ko‘rsatib, infarkt va insult xavfini oshiradi hamda umr ko‘rish davomiyligini qisqartiradi.

2. Uy hayvonlari qazg‘og‘i

Ko‘pchilik it-mushuklarni yaxshi ko‘radi, ular bilan do‘st tutinadi, lekin uy hayvonlariga allergiyasi bor millionlab odamlar uchun bu do‘stlik stressli (va nafas olishni qiyinlashtiradigan) bo‘lishi mumkin.

Hayvonlar qazg‘og‘i — qushlar, mushuklar, itlar, kemiruvchilar va boshqa mo‘ynali yoki patli hayvonlar terisidan ajralib chiqadigan mikroskopik zarrachalardir.

Bu zarrachalar uyga, maktablar, kasalxonalar va boshqa jamoat joylariga osongina tarqaladi — hatto u yerda hayvonlar bo‘lmasa ham. Ushbu ifloslantiruvchi moddaning ta’siri uy hayvonlariga nisbatan allergiyani keltirib chiqarishi mumkin, bu esa quyidagi alomatlarga yetaklaydi:

  • aksirish;
  • tumov;
  • qichishish, qizarish yoki ko‘zdan yosh oqish;
  • burun bitishi.

Bundan tashqari, agar astma kasalligidan aziyat cheksangiz, uy hayvonlari qazg‘og‘ining ta’siri uning belgilarini kuchaytirishi mumkin.

Agar sevimli hayvonlaringizdan voz kechishni istamasangiz, ularning qazg‘og‘ini nazorat qilish, butun uyni tozalash uchun havo tozalagichdan foydalanish hamda boshqa choralar ko‘rish mumkin.

3. Chang

Chang mavsumiy allergiyaning eng ko‘p uchraydigan sababchilaridan biri.

Har yili bahor, yoz va kuzda o‘simliklar o‘z turlariga mansub boshqa o‘simliklarni changlatish uchun mayda chang zarralarini tarqatadi. Bu zarralar havoga ko‘tarilgach, nafas olish tizimiga kiradi. U yerda organizm ularga begona unsur sifatida qarab, ular bilan kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqaradi.

Allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradigan changlarning aksariyati daraxtlar, o‘tlar va begona o‘tlardan kelib chiqadi. Changga allergiyasi bor odamlar ham aksirish, tumov va burun bitishidan aziyat chekadi.

4. Mog‘or

Sodda qilib aytganda, mog‘or bu — zamburug‘ning bir turi.

Ko‘pchilik mog‘or deganda eskirgan nondagi jirkanch yashil g‘uborni tushunadi, biroq mog‘orning 100 000 dan ortiq turlari mavjud;

Mog‘or uchga bo‘linadi: allergen, patogen va toksikogen. Allergen mog‘orlar yengil allergiyani kuchaytirishi mumkin, patogen mog‘orlar esa immun tizimi zaif bo‘lgan odamlarda infeksiya chaqirishi mumkin. Stachybotrus charatrum yoki qora mog‘or kabi toksik mog‘orlar odamlar va hayvonlarda zaharli reaksiyani keltirib chiqaradi.

Ushbu moddalar nam va ho‘l yuzalarda to‘planadi.

5. Qo‘rg‘oshin

Qo‘rg‘oshinning sog‘liqqa ta’siri uzoq muddatli bo‘lib, qo‘rg‘oshin ta’siriga qanchalik ko‘p uchrasangiz, keyinchalik jiddiy sog‘liq muammolari ko‘proq bezovta qiladi. Ushbu moddadan zararlanish belgilari quyidagicha:

  • qon ishlab chiqarish, asab, siydik ajratish va ko‘payish tizimlarining jiddiy zararlanishi;
  • markaziy asab tizimi va miyaning og‘ir shikastlanishi;
  • buyrak kasalligi;
  • qo‘rg‘oshin bilan zaharlanishdan o‘lim.

6. Uchuvchan organik birikmalar

Uchuvchan organik birikmalar qattiq yoki suyuq moddalardan ajralib chiqadigan gazlar bo‘lib, ular bino ichidagi havoning ifloslanishiga sezilarli hissa qo‘shadi.

Ushbu modda xonadonlardagi ko‘plab buyumlardan ajralib chiqadi:

  • qurilish materiallari va mebellar;
  • bo‘yoqlar, lak ketkazuvchi vositalar va boshqa erituvchilar;
  • tozalovchi va dezinfeksiyalovchi vositalar;
  • havo xushbo‘ylagichlar va aerozolli spreylar;
  • pestitsidlar;
  • “ximchistka” qilingan kiyimlar.

Ushbu moddalarning ta’siri sog‘liq uchun ko‘plab qisqa va uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin, masalan:

  • ko‘z, burun va tomoq zararlanishi;
  • bosh og‘rig‘i, koordinatsiyaning buzilishi va ko‘ngil aynishi;
  • jigar, buyrak va markaziy asab tizimining shikastlanishi;
  • horg‘inlik;
  • allergik teri reaksiyasi;
  • saraton.

7. Uglerod monooksidi (CO)

“Ko‘rinmas qotil” sifatida tanilgan uglerod monooksidi (CO) hidsiz va rangsiz gaz bo‘lib, ko‘pincha sezilmaydi va har yili yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ladi.

Is gazi, odatda yonish jarayonlari natijasida hosil bo‘ladi, masalan, yog‘och, neft, ko‘mir, yog‘och ko‘miri, tabiiy gaz va propan yoqilganda. Ammo uni xonadon ichida ham uchratish mumkin.

Yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi is gazidan zaharlanish quyidagilar bilan tavsiflanadi:

  • bosh og‘rig‘i;
  • horg‘inlik;
  • hansirash;
  • ko‘ngil aynishi;
  • bosh aylanishi;

Is gazidan og‘ir zaharlanish quyidagi oqibatlarga olib keladi:

  • ong xiralashishi;
  • qayt qilish;
  • mushak harakatlarining muvofiqligini yo‘qotish;
  • hushdan ketish;
  • o‘lim;

Ushbu xavfli moddani ko‘rib yoki hidlab bo‘lmagani uchun, uyingizdagi har bir yotoqxona yaqinidagi yo‘lakka is gazi detektorini o‘rnatish nihoyatda muhim. Ularni har besh yilda almashtirish kerak. Shuningdek, mo‘rilarni tozalab turish, uyni isitishda gaz pechidan foydalanmaslik qattiq tavsiya etiladi.

8. Ozon (O3)

Ozon (O3) Yer atmosferasining yuqori qatlamlarida tabiiy mavjud bo‘lgan gaz, u quyoshning zararli ultrabinafsha nurlarini qaytarishga yordam beradi. Biroq ozon yer sathida paydo bo‘lganda, inson salomatligi uchun zaharli hisoblanadi.

Avtomobillar, elektrostansiyalar, neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa manbalardan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar quyosh nuri ishtirokida kimyoviy reaksiyaga kirishganda ozon hosil bo‘ladi. Yozning issiq kunlarida ko‘p smog hosil bo‘lishi kuzatiladi. Chunki kun qancha issiq va quyosh qancha kuchli bo‘lsa, shuncha ko‘p ozon hosil qilinadi.

Ozon ta’siri sog‘liq uchun ko‘plab xavotirli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin:

  • hansirash, xirillash va yo‘tal;
  • astma xurujlari;
  • respirator infeksiyalarning yuqori xavfi;
  • insultning yuqori xavfi;
  • erta o‘limning yuqori xavfi.

9. Azot dioksidi (NO2)

Azot dioksidi (NO2) — mashinalar harakati va qazib olinadigan yoqilg‘ini yoqish jarayonlari natijasida hosil bo‘ladigan o‘tkir hidli gaz.

Azot dioksidi ozon va qattiq zarrachalarning shakllanishiga asos bo‘ladi, shuningdek, kislotali yomg‘irlarning paydo bo‘lishida ham muhim rol o‘ynaydi.

Agar uydagi isitkich yoki gaz plitangizda ventilyatsiya tizimi bo‘lmasa, ushbu modda ta’siriga tushib qolishingiz mumkin. Azot dioksidi sog‘liqqa quyidagi salbiy ta’sirlarni ko‘rsatishi mumkin:

  • o‘pka zararlanishi;
  • nafas yo‘llari infeksiyalariga chidamlilikning pasayishi.

10. Oltingugurt dioksid

Oltingugurt (SO2) — rangsiz gaz yoki kuchli hidli suyuqlik.

Afsuski, havoda oltingugurt oksidining mavjudligi deyarli to‘liq inson omili bilan bog‘liq. Oltingugurt dioksidi ko‘mir va neft kabi qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqishda, sanoat jarayonlarida, shuningdek, alyuminiy kabi mineral rudalarni eritishda hosil bo‘ladi.

Bu zararli gaz ko‘pincha smog va kislotali yomg‘irlarga sabab bo‘ladi. Oltingugurt dioksidining sog‘liqqa qisqa muddatli ta’siri oqibatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • burun va tomoqning ta’sirlanishi;
  • hansirash;
  • o‘lim.
  • Oltingugurt dioksidi ta’sirining sog‘liq uchun uzoq muddatli oqibatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
  • o‘pka funksiyasining tuzatib bo‘lmas buzilishlari;
  • o‘tkir respirator kasalliklar.

Havo ifloslanishidan qanday himoyalanish mumkin?

Havo ifloslanishini yolg‘iz to‘xtata olmasligingiz mumkin, lekin o‘zingiz va yaqinlaringizni havoning xavfli ifloslantiruvchi moddalari ta’siridan himoya qilish uchun quyidagi amaliy choralarni ko‘rishingiz mumkin:

  • Havo sifatini nazorat qiluvchi qurilmadan foydalaning.
  • Xonadagi ifloslantiruvchi moddalarni tozalash uchun yuqori samarali havo tozalagich ishlating.
  • Gaz qurilmalariga malakali mutaxassis tomonidan muntazam xizmat ko‘rsatilishini ta’minlang.
  • O‘tin o‘rniga gazga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqing. To‘g‘ri xizmat ko‘rsatilgan taqdirda ham o‘tin yoqiladigan pech va kaminlar CO, NO2 va o‘ta yupqa zarrachalar kabi havoni ifloslantiruvchi moddalarni sezilarli miqdorda chiqaradi.
  • Zaharli sintetik tozalash vositalari, bo‘yoqlar va boshqa maishiy kimyoviy vositalardan voz keching. Ularni ekologik toza tabiiy mahsulotlar bilan almashtiring.
  • Uyingizdagi mog‘or va allergiya manbalarini tozalang.
  • Maxsus havo tozalagich yordamida avtomobil havosini tozalang. Avtomobillarning ifloslanishi siz o‘ylagandan ko‘ra ancha xavfli: yangi avtomobillar salonida 275 dan ortiq xavfli kimyoviy moddalar mavjud.
Ko‘proq yangiliklar: