Tadqiqot: 2016 yil harorati rekord natijani qayd etmoqda

Jahon 11:01 / 21.04.2016 1728

2016 yil rekord darajadagi yuqori haroratlar bilan boshlandi, bu El-Nino ta'sirining kuchayishi bilan bog‘liq. Biroq bu tabiiy ofatning kuchi kamaya boshladi. AQShning Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (OATMB) prognoz qilishicha, El-Nino ta'sirining kamayishi bu yilning o‘zidayoq harorat pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu haqida Wall Street journal gazetasi xabar berdi.

So‘nggi 11 oy 19-asrdan buyon dunyo harorati kuzatuvlariga ko‘ra, eng ilig‘i bo‘ldi. Olimlar bu holatning El-Nino effekti bilan bog‘liq ekanligini ishonch bilan bildirishdi.

Mazkur davriy tabiat hodisasi Tinch okeani suvlari yuzasining anomal isishiga sabab bo‘lib, buning natijasida atmosfera sezilarli darajada isiydi, butun yer sharida havo o‘zgaradi. Bunday iqlimiy fenomen 2-7 yil orasida ro‘y beradi. El-Nino odatda ekologik talofatlar bilan birga keladi: qurg‘oqchilik, yong‘in, sel oqibatida aholi yashash joylarida kishilarning o‘limiga, mollarning va hosilning yo‘q bo‘lishi kabi noxush vaziyatlar yuzaga keladi.

Afrika va Janubiy Osiyodagi misli ko‘rilmagan issiqlik bir necha yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Undan avval El-Nino Markaziy Amerika mamlakatlaridagi hosilning yarmidan ko‘pini payhon qildi. Afrikaning janubi, Hindiston va Braziliyada qurg‘oqchilik yuzaga kelgan bir paytda, Argentina va Texasda sel natijasida ko‘chalar va uylarni suv bosmoqda.

OATMB eksperti Kevin Trenbert ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda El-Nino ta'siri kamaymoqda, bu yil haroratdagi rekord natijalarni "El-Ninoning so‘nggi nafasi" deb hisoblash mumkin.

Okean biroz muddat yana iliqligini saqlab tursa-da, bu yil atmosfera sekin-astalik bilan sovishni boshlaydi. Biroq 2016 yil o‘tgan yildagidek issiq kelmasligi taxmin qilingan.

"Rekord darajadagi issiq bu yil aniq kutilmaydi", - deb hisoblaydi Trenbert.

Ispan tilidan tarjima qilganda E-nino "bolakay", "o‘g‘il bola" ma'nolarini anglatadi. U bilan odatda yana bir tabiat hodisasi - La-Ninya birga kelib, u "qiz bola" deb tarjima qilinadi. La-Ninya o‘tmishdoshining butkul aksi. Bu tabiat hodisasi Tinch okeanidagi tropik mintaqaning sezilarli sovishi bilan izohlanadi va bu o‘z o‘rnida iqlimning sovishiga olib keladi, tabiat kataklizmalari va anomaliyalarini keltirib chiqarishi mumkin.

Biroq, "hozirgi El-Nino-La-Ninya siklida issiqlikning keskin kamayishi kutilmaydi", deb ta'kidlashmoqda tadqiqotchilar. Bu galgi haroratning issiqlik fazasi rekord darajada uzoq davom etganligi bunga sababdir. Ushbu fazaga 2014-2015 yillar va joriy yilning dastlabki uch oyi kiradi. Natijada, olimlar iqlimning issiqlik fazasi bundan buyon tez-tez uchrab turadi va o‘tgan o‘n yillikka qaraganda uzoqroq muddat saqlanib turadi.

Ko‘proq yangiliklar: