Avstraliyaning Skyland Petroleum kompaniyasi 2016 yilda Rossiya, Gruziya hamda Tojikistondan Xitoyga neft va gaz yetkazib berishni rejalashtirmoqda. “Sinxua” agentligi xabar qilishicha, kompaniya boshqaruvi raisi Devid Robson Shanxayda shu haqda e'lon qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Avstraliya kompaniyasi, sharqiy Sibirdagi yirik neftgaz konlari hissalarini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Mazkur sarmoyalar yuzasidan kelishuvga erishilgach, neft va gaz Xitoyning Xeyluntszyan, Lyaonin, Pekin va Shanxay hududlariga "Sharqiy Sibir — Tinch okean" neft quvuri hamda "Sibir qudrati" (Sila Sibiri) gaz quvuri orqali yetkazib beriladi".
Skyland Petroleum Sharqiy Sibirda neft va gaz konlarini o‘zlashtirishda Xitoyning davlat va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari, Skyland Petroleum Tojikiston janubidagi neft-gaz konini o‘zlashtirmoqda va ushbu mintaqadan Xitoyga neft-gaz eksportini shu yilning o‘zidayoq yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
Shuningdek, joriy yildan Gruziya poytaxti Tbilisi yaqinidagi konlardan qazib olingan mahsulotlar XXRga yetkazib berila boshlanadi.