Sherali Jo‘rayev ijodiga 50 yil to‘ldi

Jamiyat 11:17 / 21.04.2016 15382

Bolaligimizda o‘smir-yoshlarning qo‘lida gitara bilan ko‘chani to‘ldirib yurishlariga havas bilan boqqanmiz. Biz o‘smirlik davriga qadam qo‘yganimizda gitaralar o‘rnini “Vesna”, “Romantik” magnitafonlari egalladi. Endilikda biz ko‘chalarni to‘ldirib, magnitafon ovozini baland qilib go‘yoki, hammani o‘zimizga qaratardik. Eng qizig‘i, ko‘chani boshidan ham, o‘rtasidan ham, oxiridan ham magnitofonlardan Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlari yangrardi. Kimdir “O‘zbegim”ni, yana kimdir “Bilib qo‘y sherlarning makonidanman” qo‘shig‘ini, yana kimdir “Birinchi muhabbatim”ni baland ovozda eshitishni sevardi. Qo‘shiqlarning eng mashhuri, so‘zsiz “La'lixon” edi.

Qishlog‘imizning Ziyodulla Shukurov degan o‘ziga xos surnaychisi, artisti bor edi. Qishloq to‘ylarini, asosan, Ziyodulla aka o‘tkazardi. Sherali Jo‘rayev bilan tengdosh bo‘lmish Ziyodulla aka uyining tomiga radiokarnay o‘rnatgan bo‘lib, ertadan kechgacha Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarini baland ovozda qo‘yib, butun qishloqqa eshitirar edi. Bolaligimiz va yoshligimiz Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlari bilan o‘tdi, desam aslo mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

1988 yil bo‘lsa kerak, buyuk hofizimiz qishlog‘imizga tashrif buyurib, hamqishlog‘imizning sunnat to‘yini rosa qizdirgan edi. O‘shanda aka-uka Vahobovlar ham bazmda ishtirok etib, Sherali Jo‘rayev farzand ko‘rganini aytishganda to‘yda ishtirok etayotganlarning hammasi shodlikdan qiyqirib yuborgani ham yodimda. Takliflarga ko‘ra Sherali Jo‘rayev “O‘zbegim”ni kuylashdan avval shunday degani hamon quloqlarim ostida. “Men ertalabgacha bu to‘yda qo‘shiq kuylamoqchi edim. Ammo o‘zingizdan ko‘ringlar. “O‘zbegim”ni kuylasam tomirlarimda qon to‘xtab qoladi. Shundan keyin boshqa qo‘shiq kuylay olmayman”, deya bu qo‘shiqni kuylab olqish olgan edi. O‘sha to‘yda ilk bor Sherali Jo‘rayevning qo‘lini olib, ko‘rishish nasib qilgan edi. Qishlog‘imizda turkiy tilda go‘zal g‘azallar yozgan Atoyi degan klassik shoirimiz tavvallud topib, keyinchalik Balxga borib yashab o‘tganini, bu shoirga Alisher Navoiy ham yuksak baho berganini, iloji bo‘lsa, “Ul sanamkim, suv yoqosinda bir paridek o‘ltirur, g‘oyat nozikligidin suv bilan yutsa bo‘lur”, deb boshlanuvchi g‘azalini qo‘shiq qilish taklifini bergan edim. Hozircha bu iltimosim bajarilganicha yo‘q. O‘ylaymanki hozircha... Chunki Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Lutfiy, Hofiz Sheroziy, Uvaysiy kabi mumtoz adabiyotimiz vakillarining g‘azallarini ijro etgan xofizimizning qachonlardir Atoiy ijodiga murojaat qilishiga ishonaman. Sherali Jo‘rayevning Sharof Rashidov, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon ijodiga murojaat qilishi, ayniqsa, she'rlari hech qachon qo‘shiq bo‘lmagan Oybekning “O‘zbekiston” qo‘shig‘i tillarda doston bo‘lgan edi. Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub “Onaginam” va “Muqaddas ayol” qo‘shiqlarini Sherali Jo‘rayevdan boshqa hech kim dardli ijro etaolmasa kerak. “Birinchi muhabbatim” haqida turli fikrlar, jumladan, shoirning o‘zi ham, hofiz ham o‘z qarashlarini aytishgan. Bu borada “Birinchi muhabbatim” yoki shu nomdagi she'rni men qanday tushunaman”, degan maqolamda yozganimdek, mening fikrim o‘zgarmay qoladi. Ya'ni bu she'r qandaydir qizga emas, Allohga munojat sifatida ko‘rilishi kerak. She'rni o‘qiyotganda, qo‘shiqni tinglayotganda dilimizda Alloh bo‘lishi kerak. Agar kimdir sevgan yigiti yoki qizini birinchi muhabbatim deya, uni Alloh darajasida ko‘rar ekan bu osiylikdan boshqa narsa emas.

Sherali Jo‘rayev qardosh xalqlarning vakillari ijodiga xam alohida yondashadi. Shu tariqa Fuzuliy, Maqtumquli, Voqif, Samad Vurg‘un, Rasul Hamzatov, Konstantin Simonov, Guliruxsor Safiyeva she'rlari o‘zbekchada kuylanadi.

Sherali Jo‘rayevni o‘zidan keyingi kemalarga yo‘l ochib boruvchi atom muzyorar kemasiga o‘xshataman. Mingga yaqin qo‘shiq ijro etgan Sherali Jo‘rayevga mavzu topishda hozircha hech kim bas kelolganicha yo‘q. Radioda 1 yanvardan boshlab 31 dekabrgacha bo‘lgan davrdagi xar qanday sanani bag‘ishlangan eshittirishlar uchun Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlaridan foydalanish mumkin.

Shu o‘rinda “Sizni qutlay yilning oldidan”, degan satrlari bo‘lgan qo‘shiqni 31 dekabr kuni berish mumkin. 14 yanvar Vatan ximoyachilari kuni esa “Yigitlar xalqlarning maqtovi, ko‘rki” qo‘shig‘idan foydalanish mumkin. 8 mart sanasiga-ku onalar va ayollarga bag‘ishlangan qo‘shiqlar bisyor. Bahor va Navro‘zga atab kuylangan qo‘shiqlar hech qachon sahnadan tushmasa kerak. 9 may sanasiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar haqida alohida gapirish kerak. Vatan va mamlakatimiz yuritayotgan tinchlik siyosati borasidagi qo‘shiqlarini nafaqat bayramlarda, balki to‘y-hashamlarda ham ajib bir zavq bilan tinglashayotgani ayni haqiqat. “O‘zbegim”, “Inson qasidasi” alohida mavzu. Bundan 30 yillar muqaddam, rahmatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari televideniye orqali qilgan chiqishlarida endilikda shoir ham, hofiz ham ijod qilmagan taqdirlarida “Inson qasidasi” orqali o‘zlarining insoniy vazifalarini bajarib bo‘lishdi, degan fikrlarni aytgan edilar.

Joriy yilning 18 aprel kuni International mehmonxonasining Amir Temur zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etar ekanman, mana shu fikrlar yodimdan o‘tdi. Tadbir avvalida Sherali Jo‘rayevga bag‘ishlangan kichik lavha namoyish etildi. Unda o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov fazoga Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarini olib chiqqani, yerdagi o‘zbek yulduzining “Oltin qanot qushlar uchsin”, deb nomlanuvchi qo‘shig‘i fazodagi yulduzlarga yetkazilgani aks ettirilgan. Shundan so‘ng ananaga ko‘ra, Sherali Jo‘rayev “Onaginam” qo‘shig‘i bilan davrani ochdi. Qo‘shiq tugagach, davomli qarsaklar bo‘ldi. Esimda qolgani xofizning nabirasi “bu mening dadam”, dedi faxr bilan. Jajji go‘dakning ayni shu e'tirofi ham qarsaklarga sabab bo‘ldi.

Sherali Jo‘rayev tavalludining 69 yilligi, ijodga kirib kelganligining 50 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish maqsadida qo‘shni Tojikistondan Jo‘rabek Murodov keldi. Tadbirda Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, aka-uka Vaxobovlar, G‘iyos Boytoyev, Sobirjon Mo‘minov kabi el sevgan san'atkorlarni, Yodgor Sa'diyev, Xayrulla Sa'diyev, Tesha Mo‘minov, Mirza Azizov kabi Xalq artistlarini, Omon Matjon, Usmon Azim kabi shoirlarni ko‘rish mumkin edi. Sherali Jo‘rayev, Jo‘rabek Murodov, ularning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev, Jonibek Murodovlar beshovlon bo‘lib o‘zbekcha, tojikcha qo‘shiq kuylab barchani xushnud qilishdi. Jo‘rabek Murodov ustoz-shogird va do‘stlik haqida esda qoladigan fikrlarni aytdi. U san'atkorlar orasida dushmanlik yo‘qligini, biri-birlarining yuziga shapaloq tortishmagani, aksincha, bir-birlarining yutuqlaridan quvonib yurishlarni eslatib o‘tdi. Sherali Jo‘rayev xalqlar o‘rtasiga ko‘prik bo‘lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.

“Dunyoga tinchlik bering” qo‘shig‘i va unga ishlangan klip nafaqat o‘zbeklarni, balki tadbirda ishtirok etgan chet elliklarni ham sergak tortirdi. “Parijon” klipi namoyish etilgach, hofiz klipdagi libosda sahnada paydo bo‘ldi va qaytadan shu qo‘shiq zal jo‘rligida ijro etildi. “Kavkaz asirasi” filmida Saxovning “Shlyapani yech”, degan gapi bor. Xuddi shu kabi xolat qo‘shiqdan so‘ng Sherali Jo‘rayev tomonidan takrorlandi. Shlyapa Zohirshoh tomonidan yechilgach, boshga Marg‘ilonlik shinavanda tomonidan ataylab Sher aka uchun sovg‘a qilingan do‘ppi kiyildi. “Do‘ppi kiyishni ham shogirdlar bizdan o‘rganishi kerak. To‘y va konsertlarda yirtiq ishton kiyishni yig‘ishtiring”, dedi hofiz.

Tadbir so‘nggida tez orada yana uchrashish borasida ezgu niyatlar bildirildi. Maqolamizni hofiz ijrosidagi qo‘shiqdagi quyidagi satrlar bilan yakunlaymiz.

Otingni imonli chavondozga ber,
Sozingni qalbi pok navosozga ber.
Duoni elu yurt, o‘g‘il-qizga ber,
Va'dani Haqqa ber, o‘zni O‘zga ber.

Sharofiddin To‘laganov.
Ko‘proq yangiliklar: