Eron Iroq bilan aloqalarini har tomonlama yaxshilashga harakat qidmoqda hamda qo‘shni mamlakatni barqarorlik va xavfsizlik bilan ta'minlashni o‘z siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylantirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy bilan bo‘lgan telefon muloqotida shunday taklif bildirdi. Bu haqida TASS nashri xabar berdi.
"Eron Iroqning barqarorligi va xavfsizligini xuddi o‘zinikidek qabul qilib, qo‘shni mamlakatda terrorchi guruhlar bilan kurashda yordam berishda davom etmoqda", - deya prezidentning so‘zlarini keltiradi Eron matbuot xizmati.
Ruhoniy shuningdek "mintaqadagi barcha mas'ul idoralar IShIDga o‘xshagan terrorchi guruhlar va terrorizm bilan kurashishlari shart"ligini ta'kidladi.
Ruhoniy yaqindagina Iroq shimolidagi terrorchilar ustidan qozonilgan g‘alabani eslatib, "Iroqdagi barcha siyosiy oqimlar va qabilalarning terrorizmga qarshi birlashuvi ijobiy natijalarga olib kelishi"ni aytdi.
"Afsuski, ba'zi mamlakatlar ayovsiz kurashlarga qaramay hanuz IShIDdan neft sotib olmoqda va terrorchilarni harbiy qurollar bilan ta'minlamoqda", - deb qo‘shimcha qildi u.
Eron rahbari Iroqning ichki muammolari hal qilinishiga va Tehronning Bag‘dod bilan har tomonlama aloqa qilishiga umid bildirdi.
Bunga javoban Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Eronga IShIDga qarshi kurashdagi yordami uchun minnatdorchilik izhor qildi hamda terrorchilarning mintaqviy va xalqaro barqarorlikka xavf solayotganini ta'kidladi.