Biroz oldinroq xonanda Lola Yo‘ldosheva “Sog‘indim” nomli yangi qo‘shig‘i klipini muxlislarga taqdim etgandi. Ushbu klipda Lola va Yigitali sevishganlar rolini ijro etib, bu ularning birgalikda suratga tushgan ikkinchi klipi hisoblanadi. Ularning hamkorlikdagi ijodi nafaqat Rayhon, balki Lola Yo‘ldoshevaning ashaddiy muxlislariga ham manzur bo‘lmayapti.
Yaqinda xonanda Rayhon o‘zining Instagram`dagi sahifasiga yangi surat joyladi va uni quyidagicha izohladi:
“Sevimli insonlarni yurakdan yulib tashlab bo‘lmaydi. Ularni vaqtincha tark etish, unutish, aldash mumkin. Biroq yo‘llar baribir ular tomon chorlaydi. Sevimli insonlarning xatolarini kechirish darkor. Bunday insonlar “sobiq” bo‘lmaydi. Ular bizning dunyoimizni yoritguvchi quyosh kabidir”.
Bu co‘zlardan ta'sirlangan muxlislarning aksariyati xonandaning hamkasbi Lolaning yangi “Sog‘indim” klipini muhokama qilmoqda, deb yozadi “Darakchi.uz” sayti.
Muhokamalar ichida, “Dugonam deb yurganingiz Lola atayin Yigitali bilan klip qilib, unga yopishib, o‘zini unga yaqinlashtirdi, shu yaxshimi endi? Yigitalidan boshqasi qurib qolganmi Lolaga? Nega aynan sizni eringiz bilan?”, — deb yozdi foydalanuvchilardan biri.
“Bu hasad, bilasizmi? Unga unaqa er nasib qilmagan bo‘lsa-da, bitta klipda Yigitali bilan bir umr hayot kechirganday bo‘ldi Lola? Lola o‘zini sizni o‘rningizda tasavvur qilib ko‘rdi”, deb yozadi muxlislardan biri.
Boshqasi bir muxlis esa: — “Uzr siz mendan xafa bo‘lishingiz mumkin, lekin ‘Sog‘indim’ klipini ko‘rib, men shu narsani tushundim. Loladan xafa bo‘lib, ko‘nglim qolib ketdi”, — deydi.
Lolaning "Sog‘indim" klipidan olingan kadr
Yana bir foydalanuvchi esa tobora qattiq bahsga kirishgan muxlislarni tinchlantirishga urinadi:
“Odamlar, tinchlaninglar, agar Yigitali Lolaning klipida rol ijro etgan bo‘lsa, bu ularning Rayhonning jig‘iga tegish uchun hamkorlik qilganini anglatmaydi. Ular ‘Jonim sog‘indim’ klipida ham birga rol ijro etgan edi. Rayhon bunga e'tibor bermagan bo‘lsa kerak, chunki Lola va Yigitalining har ikkalasi ham ijodkorlar”.
Rayhonning ashaddiy muxlislari Lolani tanqid qilishda davom etadi:
“Lolani men ham hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman, ammo unaqa klip olishlarini tasavvur qilmagandim. Bizni o‘zbekchilikda ayollar begona erkaklar bilan unaqa quchoqlashishlar, bu gunohku, xoh san'atkor bo‘lsin, xoh oddiy inson. Musulmonchilikka umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bu safar oshirib yuborishibdi”.
“Men bunga ishonolmayapman. Lola ‘Sog‘indim’ klipiga qadar mening sevimli xonandam edi. Men bu klipni ko‘rib, yig‘ladim Rayhon uchun. Alloh hamma narsani ko‘rguvchi va bilguvchidir. Rayhonning ikki bolasini gunohini oldi Lola. Men undan nafratlanaman”.
Lolaning "Sog‘indim" klipidan olingan kadr
Ayrim foydalanuvchilar esa bu shunchaki klip ekanligini ta'kidlashadi:
“Bunga faqat klip sifatida qarash kerak. Agar Lola va Yigitali hayotda shunaqa ish qilganida unda gapirish o‘rinli bo‘lardi. Kino, klip — bu hammasi kasb”.
“Sizlarga o‘xshagan ongi past odamlarni endi ko‘rishim. Yigitali ishlamasa alfons, ishlasa yana gap, qanaqasizlar o‘zi? Rayhonning Yigitali bilan ishi yo‘q. Sizlarga kim qo‘yibdi begona erkakni muhokama qilishni? O‘zi sizlar san'at nima ekanligini bilasizlarmi?”, — deb yozdi Lolaga nisbatan ayblovlardan darg‘azab foydalanuvchi.
Rayhon muxlislarining izohlarini javobsiz qoldirgan.