AQSh va Saudiya Arabistoni Suriyadagi ixtilofni siyosiy yo‘l bilan hal qilishni ma'qullamoqda, biroq hali ham prezident Bashar Asad o‘z lavozimini tark etishi kerak, deb hisoblamoqda. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati Obama va qirol Salmonning Ar-Riyoddagi uchrashuv natijalariga ko‘ra ma'lum qildi.
"Rahbarlar Suriyadagi adovatli harakatlarni to‘xtatish tartibini mustahkamlash yo‘lini muhokama qildilar va Asadsiz boshqaruvga siyosiy o‘tishni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlashdi", deb ta'kidlab o‘tildi matbuot xizmatida. Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Obama IShIDga qarshi kampaniyani faollashtirish zarurligini ta'kidlab o‘tdi va Saudiya Arabistonining "Iroq va Suriyada jangarilarga qarshi kurash olib borayotgan xalqaro koalitsiyadagi tutgan o‘rnini" ijobiy baholadi.
Obama va qirol Salmon mintaqaviy ixtiloflar bo‘yicha fikrlar almashishdi va Obama Yamandagi o‘t ochishni to‘xtatish tartibi va Saudiya Arabistoni tomonidan mamlakat aholisiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatladi. Oq uy rahbari, shuningdek, Iroq hukumatiga, jumladan jangarilardan ozod qilingan hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘mak ko‘rsatish kerakligiga e'tibor qaratdi.
Bundan tashqari, yetakchilar Isroil-Falastin ixtilofi, Eronning "ig‘vogar harakatlari" va mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni muhokama qilishdi.