Namanganda Suriyadagi terrorchilarga qo‘shilmoqchi bo‘lgan litsey o‘quvchisi qo‘lga olindi

Jamiyat 12:48 / 21.04.2016 1335

Namanganlik A. Xoldorov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham internetda in qurgan yovuz kuchlarning tuzog‘iga tushib, ularning o‘ljasiga aylanganlardan biri. Namangan shahridagi akademik litseyda o‘qiydigan bu yigitcha 2013 yil may oyidan e'tiboran qarindoshi Sh.Omonovga uyali telefon apparatlari aksessuarlari savdosiga yordamlasha boshlaydi. Shu paytdan qarindoshining noutbuki orqali terrorchilik tashkiloti tomonidan tayyorlangan “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi videolarni muntazam tomosha qilishga kirishadi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

U “ustozi” Sh.Omonovning ta'sirida “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi a'zoligini qabul qiladi. Vaqti kelib Sh.Omonov diniy-ekstremistik turdagi jinoyatlari uchun ushlanib, tegishli jazoga hukm etiladi.

A.Xoldorov tayyorlangan videoroliklarga shunday qiziqib ketadiki, unda Suriyaga ketish istagi paydo bo‘ladi.

Bu haqda Xoldorovning o‘zi shunday deydi: “Internet foydalanuvchilardan biri menga Turkiyada oshpazlik ishi borligini, yaxshigina haq berilishini, ma'lum muddat ishlaganimdan keyin Suriyaga chiqarib yuborishi haqida da'vat qila boshladi. Taklifiga rozi bo‘ldim, lekin Turkiyaga borishga pulim yo‘qligini yozdim. U boshqa bir profildagi shaxsga murojaat qilishimni aytdi...”.

Ulardan biri avval Rossiyaga borib, biroz ishlab, u yerdan Turkiyaga o‘tishini, so‘ng Suriyaga ketishini maslahat berdi. Boshqasi Suriyaga ketadigan bo‘lsa, biror bank orqali pul jo‘natishini aytdi. Buzg‘unchilar qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, uni O‘zbekistondan chiqib ketishga ko‘ndirish uchunturli takliflarni bildirishdi.

Uning bu xatti-harakatlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘z vaqtida nuqta qo‘yildi. A.Xoldorov Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etildi.

Ko‘proq yangiliklar: