Yaponiya davlat yer hududlari, infratuzilmalar, transport va turizm vazirligi Mitsubishi Motors avtomobil kompaniyasi tadqiqot markazi shtab-kvartirasida tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Korporatsiya rahbariyati tomonidan qator modellarning texnik sifatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar soxtalashtirilganini tan olingani surishtiruv ishlarini boshlashga sabab bo‘ldi. Bu haqda mahalliy telekanalga asoslanib TASS xabar bermoqda.
Ayni paytda sinovdan o‘tkazish qoidalari buzilgani natijasida yoqilg‘i sarfi darajasini kamaytirib ko‘rsatilganini oshkor etuvchi ma'lumotlar chop etilgach, kompaniyani javobgarlikka tortish, jumladan, jarimaga tortish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Kompaniya prezidenti Tetsuro Aikava belgilangan normalarning buzilganini tan oldi.
“Biz o‘zimiz ishlab chiqaradigan avtomobillarimizning bir nechasida yoqilg‘i sarfi darajasini kamaytirib ko‘rsatish maqsadida sinovlarni o‘tkazishda qoidalarga rioya etmaganimizni tasdiqlaymiz. Ko‘rsatkichlar o‘rtacha 5-10 foizga pasaytirilgan bo‘lishi mumkin”, - dedi rahbar.
2013 yil o‘rtalaridan boshlab ishlab chiqarilgan oltita, jumladan, eK-Wagon, eK-Space ixcham avtomobil modellarida yoqilg‘i sarfi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.
Mitsubishi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan boshqa yapon kompaniyasi mahsuloti Nissan Dayz avtomobilida ham texnik hujjat normalari buzilgan. Hozirgacha Yaponiyada taxminan 625 mingta shunday mashina sotilgan.
Transport vazirligi Mitsubishi Motor rahbariyatidan yo‘l qo‘yilgan barcha qoidabuzarliklar xususida batafsil ma'lumotlarni talab qildi. Boshqa kompaniyalarni esa mazkur ayblovlarning oldini olish uchun o‘tkazilgan sinov natijalarini tekshirib chiqishga va 18 maygacha hisobot topshirishga chaqirdi.
20 aprel kuni Mitsubishi Motor hiyla-nayranglari fosh bo‘lgach, kompaniya aksiyalari 15 foizdan ortiq arzonlab ketdi va o‘zi bilan birga asosiy yetkazib beruvchilarning qimmatbaho qog‘ozlari narxini ham tushirib yubordi.