Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan Tasviriy va amaliy san'at festivali boshlandi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida o‘tgan festivalning ochilish marosimida turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar vakillari, san'atshunoslar, professor-o‘qituvchilar, rassomlar, hunarmandlar, yoshlar, mamlakatimizdagi elchixonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze, Slovakiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Ivan Pavol va boshqalar qatnashishdi.
Festival O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Tashqi ishlar vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi, «O‘zbekkino» Milliy agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan. Ko‘rgazmalar Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent Fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, O‘zbekiston davlat san'at muzeyida o‘tkaziladi. Ularda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, rassomlik va dizayn kollejlari, Badiiy akademiya tizimidagi ta'lim maskanlari o‘qituvchilari va ularning shogirdlari ijodi bilan tanishish mumkin. Festival tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham bo‘lib o‘tadi.
«Eng yaxshi o‘quv muassasasi», «Eng yaxshi murabbiy», «Eng yaxshi tasviriy san'at yo‘nalishi», «Eng yaxshi ko‘rgazma» singari ijodiy tanlovlar badiiy ta'limni rivojlantirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirishga xizmat qiladi. Ko‘rgazmalarda yoshlarning ikki mingga yaqin badiiy, amaliy san'at bo‘yicha ijod namunasi namoyish etiladi.
Tasviriy va amaliy san'at festivalining ilk kunida Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlangan ko‘rgazma taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardagi san'at o‘quv muassasalari o‘qituvchilarining asarlari namoyish etildi. Markaziy ko‘rgazmalar zalining bir qismida mamlakatimizdagi elchixonalar ko‘magida bir qator xorijiy davlatlarning rassomlari ijodiga oid ko‘rgazmalar uyushtirildi. Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyda yurtimiz tasviriy san'atining taraqqiyot bosqichlariga oid konferensiya, akademik rassomlar ishtirokidagi mahorat saboqlari tashkil etildi.