Shimoliy Koreya Janubiy Koreyadan Xitoyda o‘g‘irlangan fuqarolarini qaytarishni talab qildi

Jahon 00:18 / 18.04.2016 916

Pxenyanning Koreyaning tinchlik bilan birlashishi qo‘mitasi raisi Seuldan o‘zining 13 fuqarosini qaytarishni talab qildi. Pxenyanning aytishicha, bu odamlar 7 aprelda Xitoyning Chjechzyan viloyatida Janubiy Koreya maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Chop etilgan bayonotda Pxenyan bu harakatni "Janubiy Koreyaning Shimolga nisbatan dahshatli siyosatining" ko‘rinishi deb atadi.

Seulning bu voqea Shimoliy Koreyaga nisbatan BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan yaqinda kiritilgan sanksiyalarning ta'siri mavjudligidan guvohlik berishi va "Shimoliy Koreya jamiyatida mamlakatda amal qiluvchi ijtimoiy tizimga shubha tug‘dirgani" haqidagi tasdiqlari Pxenyanda norozilik keltirib chiqardi.

"Janubiy Koreyaning qo‘g‘irchoq rejimi darhol kechirim so‘rashi, aybdorlarni jazolashi, o‘g‘irlanganlarni qaytarishi va kelajakda bunday jinoiy harakatlar boshqa qaytarilmasligiga va'da berishi kerak", deyilgan bayonotda. Aks holda, "Janubiy Koreya hukumatini aytib bo‘lmas oqibatlar va shafqatsiz jazo" kutmoqda, deb aytdi Shimoliy Koreya vakili.

"Shimoliy Koreya kuppa-kunduz kuni o‘g‘irlangan va siyosiy fitna qurboni bo‘lgan fuqarolarining zo‘ravonlik bilan Janubiy Koreya kabi do‘zahiy joyga olib ketilishlariga tinchgina qarab turmaydi", deb ogohlantirdi qo‘mita vakili.

Janubiy Koreya birlashish vazirligining ta'kidlashicha, 7 aprelda Shimoliy Koreyaning 13 nafar fuqarosi Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan. Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaga Shimoliy Koreya tashqarisida joylashgan milliy taomlar restoranida ishlovchi 12 kishi va bir erkak qochib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: