O‘zbekiston milliy terma jamoasi Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi rasman ma'lum qilindi

Sport 11:30 / 17.04.2016 4636

Jahon chempionati-2018 saralashining uchinchi bosqichiga yo‘l olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu bosqich o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy sayti ma'lum qildi.

"O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi hamda Kanada Futbol Assotsiatsiyasi shu yilning 7 iyun sanasida Avstriyada milliy terma jamoalarning o‘zaro nazorat uchrashuvi o‘tkazish borasida kelishuvga erishdi", deyiladi xabarda.

Ta'kidlash kerakki, har ikki terma jamoa Jahon Chempionati-2018 yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit'asi ikkinchi saralash bosqichi “H” guruhi g‘olibi sifatida saralashning final bosqichiga yo‘l olgan 12 terma jamoaning biriga aylandi. Uchinchi bosqich uchun tashlangan qur'a natijalariga ko‘ra “A” guruhidan o‘rin olgan Samvel Babayan shogirdlari Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Qatar hamda Suriya bilan mundial yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Kanada terma jamoasi esa Jahon chempionati 2018 saralashi doirasida sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan Honduras va Salvador terma jamoalariga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston bilan o‘yinga qadar, 3 iyun kuni Kanada terma jamoasi Ozarbayjon bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

Bundan oldinroq, FIFA.COM saytida O‘zbekiston 7 iyunda Kanada bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: