«Biz urushning yangi bosqichidamiz». Livanda Isroil zarbalari qurbonlari soni 500 ga yaqinlashdi

Jahon 15:01 / 24.09.2024 12030

Isroil dushanba kuni «Hizbulloh»ning Livandagi yuzlab obektlari bo‘ylab aviazarbalar yo‘lladi, natijada, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, kamida 492 kishi halok bo‘lgan, shundan 35 nafari bolalar. 1600 dan ortiq kishi yaralangan.

Reuters agentligi yozishicha, livanlik mulozimlardan biri buni 1975–1990 yillardagi fuqarolik urushi davridan buyon bir hujum davomida eng ko‘p qurbon berilishi bo‘ldi.

Dushanba kuni isroillik harbiylar Livan janubida, Bekaa vodiysi sharqida va Suriya yaqinidagi shimoliy hududlar bo‘ylab «Hizbulloh»ga aloqador obektlarga keskinlik boshlanganidan buyon eng yirik zarbalarni yo‘lladi.

Isroil harbiylari so‘nggi 24 soat davomida Livanda «Hizbulloh»ning 1300 obekti nishonga olingani haqida ma’lum qilgan.

Isroil mudofaa armiyasi tasdiqlashicha, «qishloqlar markaziga, tinch aholi uylariga joylashtirilgan» qanotli raketalar, reaktiv snaryadlar va zarbdor dronlar isroillik harbiylar nishoniga aylangan. TsAHAL «Hizbulloh» ularni Isroil tomonga uchirishni rejalashtirgani, «shu bilan bir vaqtda Livan aholisini xavf ostiga qo‘ygani»ni bildirgan.

Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Gersi Halevi isroillik harbiylar Livandagi amaliyotining keyingi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.

«Mohiyatan, biz „Hizbulloh“ so‘nggi 20 yil mobaynida qurgan harbiy infratuzilmaga zarba beryapmiz. Bu juda muhim. Biz nishonlar bo‘ylab zarbalar yo‘llaymiz va keyingi bosqichga tayyorlanamiz», — degan u.

Isroillik harbiylar dushanba kuni kechqurun Bayrut bo‘ylab maqsadli zarbalar yo‘llanganini aytishgan. Reuters agentligi xabar qilishicha, Isroil mudofaa armiyasi nishoni «Hizbulloh» qo‘mondoni Ali Karakiy bo‘lgan.

Ammo «Hizbulloh» Karakiy «sog‘ va omon ekani, xavfsiz joyga ko‘chib o‘tgani»ni ma’lum qilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan aholisiga murojaat qilgan va «xavfli hududlar»ni tark etishga chaqirgan. Uning tasdiqlashicha, isroilliklar amaliyoti yakunlanganidan keyin odamlar o‘z uylariga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Isroillik harbiylar 24 soat ichida «Hizbulloh»ning Livandagi 1300 dan ortiq obektiga zarba berilganini ma’lum qilgan

Livan sog‘liqni saqlash vaziri Firass Abiad «bu hujumlardan asosiy maqsad tinch aholini hujum qilinayotgan hududlardan chiqarib yuborish» ekanini aytgan.

«Ko‘rinib turibdiki, Isroil hukumatining maqsadi eskalatsiya va provokatsiya, — degan u BBC Radio 4 radiostansiyasiga bergan intervyusida. — Biz urushning yangi bosqichida turibmiz. Avvaliga bu maqsadli hujumlar edi, endilikda — tanlab o‘tirmasdan zarba berishmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining aksar qismi urush xohlamaydi. «Eskalatsiya zarurati bo‘yicha qaror xorijda qabul qilingan», — deya qo‘shimcha qilgan Abiad.

Fransiya dushanba kuni Livandagi holatni muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qildi.

AFP agentligi xabar berishicha, bu haqda dushanba kuni BMT Bosh assambleyasi sessiyasida Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro ma’lum qilgan. U barcha tomonlarni "barcha uchun vayronkor oqibatlarga ega bo‘ladigan mintaqaviy mojaroning oldini olish"ga chaqirgan.

Isroilning ogohlantirishlari

BBC’ning Bayrutdagi muxbiri Nafisa Konnavardning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni tongda Livan janubida yashovchi aholiga «Hizbulloh» qurollarini saqlashda foydalanadigan binolardan uzoqroq bo‘lish chaqirilgan matnli va ovozli xabarlar yuborilgan.

Livan aholisiga sms ko‘rinishida ham evakuatsiya bo‘yicha ogohlantirishlar yuborilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoroliklardan birida ovozli xabar olgan livanliklardan biri aks etgan, unga yuborilgan xabarda Isroil amaliyoti davom etayotgani va «yangi bosqichga o‘tgani» aytiladi. «Agar siz „Hizbulloh“ foydalanadgan qishloqda bo‘lsangiz, o‘z xavfsizligingiz uchun zudlik bilan u joyni tark eting», — deyilgan ovozli xabarda.

Livan axborot vaziri Ziyod Makariy uning ofisiga ham shunday ogohlantirish bilan qo‘ng‘iroq qilinganini aytib, buni Isroil olib borayotgan psixologik urushning bir qismi deb atagan.

«Bayrutda va uning atrofidagi hududlarda yashovchilar statsionar telefonlar orqali ogohlantirishlar olishgan, ularning manbasi tezda evakuatsiya bo‘lishni buyurayotgan isroillik dushmanlardir», — deyiladi Livandagi Milliy yangiliklar agentligi (NNA) xabarida.

Ogero davlat telekommunikatsiya kompanyasi rahbari Imad Kreydiye AFP agentligi bilan suhbatda «Livandagi statsionar aloqa tizimi Isroildan keladigan har qanday xabarga blok qo‘ygani», ammo Isroil «do‘st mamlakatining xalqaro telefon kodidan foydalanib aloqa tizimini aylanib o‘tayotgani»ni aytgan. Ogero ma’lumotiga ko‘ra, isroilliklar 80 mingdan ortiq raqamga ogohlantirish qo‘ng‘iroqlari amalga oshirgan.

BBC’ning Bayrutda bo‘lib turgan muxbiri Orla Gerinning xabar berishicha, evakuatsiya to‘g‘risidagi ogohlantirishdan keyin poytaxt ko‘chalarida ulkan tirbandliklar yuzaga kelgan. Gerinning ma’lumotiga ko‘ra, Beyrutning qator tumanlari, jumladan Hamre tumani aholisi evakuatsiya zarurati to‘g‘risida ogohlantirish olgan. Gerinning so‘zlariga ko‘ra, bu tumanda «Hizbulloh»ga aloqasi bo‘lmagan Axborot vazirligi, banklar, universitetlar bor, uning o‘zi ham shu yerda yashaydi.

Livan hukumati mamlakatning turli qismlaridagi maktablar janubdan evakuatsiya bo‘lgan odamlar uchun ochiladi. Davlat maktablarida o‘quv yili hali boshlanmagan, mamlakatning turli chekkalaridagi xususiy maktablar esa mashg‘ulotlarni vaqtincha to‘xtatgan.

Bu kabi ogohlantirishlar isroillik harbiylar tomonidan Livan aholisiga yo‘llangan birinchisi bo‘lmoqda, bungacha Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektoridagi odamlar uchun ham shunday amaliyot qo‘llagan.

Aviazarbalarning yirik to‘lqini

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh»ga qarshi aviazarbalarning yangi seriyasi — mojaro boshlanganidan buyon o‘tgan qariyb bir yil ichidagi eng keng ko‘lamlisi bo‘ldi. Isroil Livan janubi, Bekaa vodiysining sharqiy qismi, Suriya yaqinidagi shimoliy hududlar bo‘ylab zarbalar bermoqda.

Isroil zarbalari asosan Livan janubiga yo‘llanmoqda. Foto: RABIH DAHER/AFP

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi barcha shifoxonalardan shoshilinch bo‘lmagan jarrohlik amaliyotlarini keyinga qoldirishni talab qilgan. Shifokorlarga shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlariga olib kelinishi mumkin bo‘lgan yaradorlarni qabul qilishga tayyorlanish buyurilgan.

Avvalroq Isroil mudofaa armiyasi harbiylar «Livan janubida „Hizbulloh“ terrorchilik tashkilotiga tegishli bo‘lgan terrorchilik obektlari bo‘ylab zarbalar yo‘llanayotgani»ni ma’lum qilgandi.

Dam olish kunlari ham Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida aviazarbalar almashinuvi kuzatilgandi.

Yakshanbaga o‘tar kechasi «Hizbulloh» Livandan o‘nlab raketalar bilan Isroil shimoliga hujum qilgandi. Isroil armiyasiga ko‘ra, uchirilgan 105 ta raketaning aksar qismi tutib qolingan, ammo ayrim uylar shikastlangan.

«Hizbulloh» hafta avvalida guruh a’zolarining peyjyerlari va ratsiya vositalari portlatilishi uchun javob sifatida sanoat va harbiy obektlar bo‘ylab zarbalar yo‘llanganini ma’lum qilgan.

Isroilning juma kuni Bayrutga yo‘llangan aviazarbasi oqibatida, Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, «Hizbulloh»ning 16 nafar komandiri halok bo‘lgan. Livan hukumati 45 kishi o‘limi to‘g‘risida xabar bergan.

Shanba kuni Isroilning o‘nlab harbiy samolyotlari Livan janubi bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Hagari bu hududda «Hizbulloh»ning Isroilga zarba berish uchun o‘rnatilgan qurollari joylashtirilgani aniqlanganini aytgan.

O‘tgan haftada Livanda «Hizbulloh» a’zolari mobil telefonlar o‘rniga foydalanadigan peyjyerlar va ratsiya vositalari masofadan turib portlatilishi oqibatida uch mingdan oshiq kishi yaralanib, kamida 37 kishi halok bo‘lgandi. «Hizbulloh» bu hujumda Isroilni ayblagan, isroillik rasmiylar esa hodisaga aloqadorlikni rad etgan. Bunday keng ko‘lamli amaliyot qanday uyushtirilgani hozirgacha aniq emas.

Ko‘proq yangiliklar: