Masjidi Nabaviyning sobiq imomi, o‘zining qo‘ng‘iroq ovozi, betakror qiroatlari bilan butun Islom olamida mashhur bo‘lgan qori Muhammad ibn Muhammad Yusuf bugun – hijriy 1437 yil 9 rajab, milodiy 2016 yil 16 aprel kuni bomdod namozidan keyin Madinai Munavvarada vafot etdi. Janozasi peshindan keyin Masjidi Nabaviyda o‘qilib, «Baqi'» qabristoniga dafn qilinishi oila a'zolari tarafidan ma'lum qilingan.
Muhammad Ayyub 1372/1952 sanada Makkai Mukarramada tavallud topgan. Yoshligidan Qur'onni yodlashga urinib, 12 yoshida hofizi Qur'on bo‘lib yetishdi. Keyin Madinaga borib, o‘rta maktabni bitirdi va institutda o‘qib, hij. 1396 yili Islom universitetiga shariat fakultetiga o‘qishga kirdi. U shu yerda magistraturani bitirib, shu yerda tafsir, qiroat ilmlaridan ta'lim berdi.
Shayx Muhammad Ayyub 1410–1417 yillarda Masjidi Nabaviyda imomlik qildi. U ilk imom bo‘lib saylangan yili Ramazonda bir o‘zi xatm qilib berdi. Keyin Qubo masjidida tarovehda xatm qilib beradigan bo‘ldi. 1403 yildan «Abdulloh Husayniy» masjidida imomlik qilib, shu yerda 23 yil xizmat ko‘rsatdi. U yerdan keyin «Ahmad ibn Hanbal» masjidida xatiblikka ishga o‘tdi. 1436 yilning Ramazonida Salmon ibn Abdulazizning buyrug‘i bilan Masjidi Nabaviyga yana imom etib tayinlangan edi. Alloh O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Shayx Muhammad Ayyub butun Islom olamida eng mashhur qorilardan biri hisoblanadi. Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Turkiya va boshqa mamlakatlarda arab tilidan maxsus to‘garaklarda dars berar edi. Britaniyadagi Islom universitetitining taklifi bilan u yerdagi jome'da Ramazonda tarovehda xatm qilib bergan. Uning «Podshoh Fahd matbaanashryoti»da yozilgan tarovehdagi va studiyadagi to‘liq xatmi butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Muhammad Ayyub qoridan 5 o‘g‘il, 2 qiz qoldi. Barchalari Qur'on hofizlaridan va jamiyatning turli sohalarida o‘qib, xizmat qilishadi.
Alloh u kishiga o‘qigan Qur'onlarini hamroh va shafoatchi qilsin, oxiratlarini obod aylasin!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid