Germaniyada hind to‘yida portlovchi qurilma portlatildi

Jahon 11:23 / 17.04.2016 1050

Germaniya g‘arbidagi Essen shahrida hindlar yashaydigan jamoatda 16 aprelda portlash yuz berdi. Spiegel nashrining ma'lum qilishicha, portlash oqibatida bir necha kishi jarohat olgan, ulardan 2 nafarining ahvoli og‘ir deya baholanmoqda.

Noxush voqea nikoh to‘yi o‘tayotgan ibodatxonada yuz bergan. Soat 19:00 larga yaqin ibodatxonaga to‘y o‘tayotgan payt niqobdagi bir kishi kirib, portlovchi moddani uloqtirib, qochib ketgan. Portlash oqibatida ibodatxona binosiga jiddiy shikast yetgan.

Ta'kidlanishicha, portlash vaqtida to‘yning asosiy qismi yakuniga yetib, to‘yda ishtirok etayotgan ko‘pchilik qo‘shni zalga o‘tishgan bo‘lgan. "Agar jinoyatchi bombani biroz oldinroq otganda, jabrlanganlar soni anchagina ko‘proq bo‘lardi", deb voqea guvohlaridan birining so‘zlarini keltirib o‘tdi Bild nashri. Guvohning aytishicha, to‘yga 200 ga yaqin kishi, jumladan bolalar ham kelgan.

Jarohatlanganlarning aniq soni ma'lum qilinmagan. Guvohlarning aytishicha, ibodatxona yaqinida qora yo‘ltanlamas avtomobil payqalgan.

Birozdan keyin politsiya guvohlarning ko‘rsatmalariga mos keluvchi qora avtomobilni aniqlagan. Uning ichida 3 kishi bo‘lgan, ularning barchasi hibsga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: