17 aprelga o‘tar kechasi Ekvadorning Tinch okeani bilan tutashgan qirg‘oqlari yaqinida 7,8 balli zilzila yuz berishi natijasida qurbon bo‘lganlar soni 41 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti Xorxe Glasaga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.
Vitse-prezidentning qayd etishiga ko‘ra, qurbonlar soni ortishi mumkin.
Glasaning ta'kidlashicha, bu zilzila 1979 yildan buyon eng kuchlisi bo‘ldi. Bu yer silkinishi tufayli mamlakat g‘arbidagi hududlar, ayniqsa Guayakil shahri katta talofat ko‘rgan. Hukumat aholini xavfli hududlardan ketishga chaqirmoqda.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Rafael Korrea bu fojia tufayli Italiyadagi tashrifini to‘xtatib, vataniga qaytgan.
Zilzila 17 aprelga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan soat 23:58da (Toshkent vaqti bilan 17 aprel, soat 04:58da) sodir bo‘ldi. Zilzila markazi Muinse shaharchasidan 28 km janubi-sharqda bo‘lgan, uning chuqurligi 20,2 km.
Mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilgan.