Ekvadorda 10 ming askar zilzila talofatlariga qarshi kurashish uchun safarbar etildi

Jahon 15:02 / 17.04.2016 879

Ekvador hukumati 10 ming nafar askarni hamda 3 ming nafar politsiyachini turli tumanlarda zilzila oqibatlariga qarshi kurash ishlari uchun safarbar etdi. Bu haqda mahalliy hukumatdagi manbasiga asoslangan holda Assosheyted Press xabar tarqatgan.

Ayni vaqtda evakuatsiya qilingan kishilar 2ta lagerga joylashtirilgan. Ekvadordagi Qizil Xoch jamiyati ma'lumotlariga ko‘ra, zilziladan talofat ko‘rgan hududlarda 1,2 ming ko‘ngilli ish olib bormoqda. Hukumat zarur joylarga 500 nafar o‘t o‘chiruvchi yo‘llagan.

Zilzila 17 aprelga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan soat 23:58da (Toshkent vaqti bilan 17 aprel, soat 04:58da) sodir bo‘ldi. 7,8 magnitudali zilzila episentri Muisne shahridan 27 km janubi-sharqda yuz berdi. Uning o‘chog‘i esa 20,2 km chuqurlikda joylashdi.

Tinch okeani sunami haqida ogohlantirish markazi zilzila episentridan 300 kilometrgacha masofada xavfli to‘lqinlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Ekvadorning oltita provinsiyasida kuchli zilzila tufayli favqulodda holat e'lon qilindi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 80 kishining o‘limi tasdiqlangan, 600ga yaqin kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.

Ko‘proq yangiliklar: