Toshkentda davom etayotgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatining ikkinchi kun bellashuvlari doirasida O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi, +100 kg vaznda ishtirok etuvchi Abdullo Tangriyev o‘z vazn toifasida sovrindor bo‘ldi.
Dastlab qozog‘istonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratgan Abdullo Tangriyev yarim finalda yana qirg‘izistonlik Yuriy Krakovetskini dog‘da qoldirib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Hal qiluvchi bahs yaponiyalik polvon Kokoro Kageuraga qarshi o‘tkazildi. Bu bellashuv Tangriyevning mag‘lubiyati bilan yakunlandi va u kumush medalga ega bo‘ldt. Endilikda, O‘zbekiston terma jamoasi hisobida 3ta kumush va 3ta bronza medal bor.
Avvalroq o‘zbekistonlik dzyudochilardan Diyorbek O‘rozov (-60 kg) va Soyib Qurbonov (-100 kg) kumush, Mirali Sharipov (-73 kg) hamda Ramziddin Saidov (-100 kg) hamda Gulnoza Matniyozova (-70 kg) esa bronza medallariga sazovor bo‘lgandi.
Yana bir O‘zbekiston sportchisi g‘oliblik shohsupasiga chiqishda omadsizlikka uchradi. Joriy yil Budapeshtda bo‘lib o‘tgan Gran-pri g‘olibi Yaxyo Imomov bronza medali uchun kechgan bahsda qozog‘istonlik Aziz Kalkamanuliga imkoniyatni boy berdi.
Bugun bellashuvlar yakunlanadi. So‘nggi kun dasturida jamoaviy bahslar o‘tkaziladi.
16 aprel kuni ushbu yo‘nalishda qur'a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari birinchi davrada Pokiston termasiga qarshi bahs olib boradi. Bu terma jamoa mag‘lub etilsa, katta ehtimol bilan keyingi davrada Janubiy Koreya termasi raqib bo‘ladi. O‘zbekistonlik qizlar esa dastlabki bosqichda Xitoy terma jamoasi to‘sig‘idan o‘tishga urinib ko‘radi.