Dohada neft ishlab chiqaruvchi davlatlar vakillari uchrashuvi boshlandi

Iqtisodiyot 17:55 / 17.04.2016 1539

17 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da (Toshkent vaqti bilan soat 17:00) Qatar poytaxti Doha shahrida OPeK (neftni eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) mamlakatlari va tashkilotga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida uchrashuv boshlandi. Bu haqda Rossiya energetika vazirligi tvitterida xabar berilgan.

"Dohada neft qazib oluvchi mamlakatlar vazirlari ishtirokida yig‘ilish boshlandi", deyilgan xabarda.

Dastlab muzokaralar mahalliy vaqt bilan soat 08:45da boshlanishi kerak edi. Ammo keyinroq, uchrashuvning boshlanish muddati Saudiya Arabistoni so‘rovi bilan kechiktirilgani haqida ma'lum qilindi. Kun yarmida ishtirokchilar Qatar amiri bilan uchrashishdi. Shundan so‘ng, uchrashuv belgilangan vaqtda 6,5 soat kech boshlandi.

Bu uchrashuv o‘tkazilayotgan zaldan olingan surat namoyish qilingan. Unda barcha vakillar o‘z joylarini egallashganini ko‘rish mumkin.

Uchrashuvda neft narxini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilinadi.

Dohadagi bitim loyihasi neft qazib chiqarish darajasini oktabrgacha muzlatib qo‘yishni taklif qilishi kutilmoqda.

Rossiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Venesuela tomonlari 16 fevral kuni Dohada o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida dunyo bozorida neft ishlab chiqarish hajmini oktabr oyigacha 2016 yil yanvardagi darajada saqlab turish bo‘yicha bitim tuzishga kelishishgandi. Keyinroq, OPeK (neftni eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) mamlakatlari va tashkilotga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida 17 aprel kuni Doha shahrida uchrashuv o‘tkazilishi belgilab olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: