16 aprel kuni O‘FF Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov tashkilot vakillari bilan Andijonda bo‘lib, “Andijon” klubi hamda viloyat futbolga ixtisoslashgan maktab-internatida murabbiy va mutaxassislar bilan uchrashdi. Fursatdan foydalanib, futbolimiz ma'sul rahbarini suhbatga tortdik.
-Asqar aka, ushbu uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad haqida gapirib bersangiz?
-Biz Andijonga kelishdan oldin Farg‘ona va Namanganda bo‘lib, har ikki viloyatning asosiy jamoa vakillari bilan uchrashdik. Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad joylarda turli yoshdagi terma jamoalarimiz a'zolari va nomzod futbolchilarga bo‘lgan e'tiborni oshirish, ularning xalqaro o‘yinlarga bo‘lgan tayyorgarligida nafaqat markazimiz hamda futbol federatsiyalari, balki ularni tarbiyalayotgan o‘quv dargohlari va murabbiylarining ham ma'suliyati katta ekanligi borasida suhbat qurishdan iboratdir. Nufuzli musobaqalarda ishtirok etishi kutilayotgan futbolchi va nomzodlar bilan jismoniy va tarbiyaviy omillar bo‘yicha individual shug‘ullanish, ularning sog‘ligiga alohida e'tibor qaratish lozim. Futbolchilar turnirdan qaytganidan so‘ng tiklanish jarayonida tibbiyot xodimlarining o‘rni haqidagi masalalarga alohida to‘htalib o‘tdik. Murabbiylar o‘yinchilarni jismoniy va amaliy mashg‘ulotlarda bilim berish bilan birgalikda, terma jamoa safida maydonga tushishning o‘ziga hos ma'suliyatga ega ekanligini yosh iqtidor egalariga jiddiy tarzda yetkazib, ularda vatanparvarlik ruhini oshirishi va tarbiyaviy ishlarni maromida olib borishi lozim.
-Darhaqiqat, har qanday futbolchining kelajakda saviyali sportchi bo‘lib, milliy terma jamoa safida to‘p surishi uchun poydevor aynan futbol maktablarida qo‘yiladi...
- Aynan shunday. Viloyatlarimizda terma jamoa safida o‘ynashga qodir bo‘lgan iqtidorli bolalarni ko‘plab topish mumkin. Bu albatta, joylarda ish olib borayotgan murabbiy va mutaxassislarning samarali mehnati natijasidir. Futbolchining yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishi o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Milliy terma jamoada to‘p surishda iqtidor bilan birgalikda saralangan jamoada to‘p surishga yetarli darajadagi salohiyat va bilim saviyasi ham bo‘lishi darkor. Murabbiylarimiz nomzod futbolchilarga o‘z ustida tinimsiz mehnat qilish orqaligina saralanganlar orasida o‘z o‘rnini topib ketishlarini tushuntirib borishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Federatsiyamiz tomonidan oliy liga va muntazam o‘tkazib boriladigan turli yoshdagi futbolchilar o‘rtasidagi musobaqalarda nomzodlarni ko‘zdan kechirib boramiz. Ayni paytda Andijonda ham turli yoshdagi terma jamoalar safida o‘ynayotan va nomzod sifatida ko‘rilayotgan bir qator futbolchilar bor. O‘tkazilgan suhbatlar davomida ular bilan mashg‘ulotlar qay darajada olib borilayotgani bilan qiziqdik va mutaxassislarimiz tegishli maslahatlarni berishdi. O‘ylaymanki, uyushtirilgan tadbirlar milliy terma jamoalarimiz rivoji yo‘lida xizmat qiladi.
-Bunday uchrashuvlar barcha viloyatlarda o‘tkaziladimi?
-Terma jamoalarda barcha viloyatlardagi futbolchilarning ishtirok etishi maqsadga muvofiq. Yuqoridagi tavsiyalar bo‘yicha yurtimizning barcha viloyatlari oliy va birinchi liga jamoalari hamda futbol maktabi va internatlarida suhbatlar o‘tkazilishini rejalashtirganmiz.
- Sizga barcha muxlslarni qiziqtirayotgan savol bilan murojaat qilmoqchiman. Savolim, milliy terma jamoamizning saralash bahslari oldidan o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishi haqida...
- Terma jamoalar markazi bu borada o‘z rejalarini ishlab chiqqan. Milliy termamiz iyun oyida ikkita o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazadi. So‘ng iyul oyi davomida o‘quv-yig‘inlariga to‘planamiz. Avgust oyida ham yana bitta o‘rtoqlik o‘yini bor. Yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi ham oldindan tayyorlangan reja asosida yig‘in va o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi.
- Suhbat uchun tashakkur.
Elmurod ERMATOV suhbatlashdi