"Zenit" jamoasi hujumchisi, Rossiya terma jamoasiga nomzod futbolchi Artem Dzyuba "Spartak" jamoasiga qarshi o‘yindan keyin bergan intervyusida dunyoning eng yaxshi futbolchilari bo‘lib turgan Krishtianu Ronaldu hamda Lionel Messi Rossiya chempionatida qanday natijalar qayd etishi mumkinligi haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Negadir Rossiya chempionatida gol urish oson deb o‘ylashadi. Lekin men o‘ylaymanki, Messi va Ronaldu Rossiyaga kelsa, bir mavsumda 20tadan ortiq gol ura olmagan bo‘lardi. Permda "minus 30" daraja haroratda o‘ynash va Belorukovga qarshi chiqish ("Amkar" jamoasi himoyachisi va sardori, piterliklar keyingi turda aynan shu jamoaga qarshi o‘ynaydi - tahririyat) oson emas", deydi Dzyuba.
Ma'lumot uchun, Messi 2004 yildan buyon "Barselona" safida Ispaniya chempionatida 342 o‘yin o‘tkazib, 302ta gol urgan. Ronaldu esa 2009 yildan buyon Ispaniya chempionatidagi 233 o‘yinda 256ta golga mualliflik qilgan.
"Spartak"ka qarshi o‘yinda (5:2) Dzyuba o‘zining faoliyatidagi 101-golini urdi.