APL, 34-tur: Agueroning xet-trigi "Manchester Siti"ga mehmonda "Chelsi"ni tor-mor etishga yordam berdi

Sport 00:25 / 17.04.2016 1711

Londonda "Stemford Brij" stadionida Angliya chempionatining 34-turida "Chelsi" "Manchester Siti"ni qabul qildi. Uchrashuv "shaharliklar"ning 0:3 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvning bosh qahramoni "Siti" hujumchisi Serxio Aguero bo‘ldi. Argentinalik futbolchining 33-daqiqadagi goli "Siti"ga hisobni ochishga imkon berdi. 54-daqiqada Aguero 2-golini kiritdi. O‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa qolganda "Chelsi" darvozaboni Tibo Kurtua o‘z jarima maydonchasidagi qo‘polligi uchun qizil kartochka oldi, Aguero esa bu qo‘pollik uchun belgilangan penaltini benuqson amalga oshirdi hamda xet-trikka erishdi.

"Manchester Siti" (60 ochko) bu g‘alabasi evaziga "Arsenal"dan (59 ochko) o‘tib ketdi va musobaqa jadvalining 3-o‘riniga ko‘tarilib oldi. Biroq Arsen Venger shogirdlari hali o‘z uchrashuvlarini o‘tkazmadilar. "Chelsi" (44 ochko) esa 10-o‘rinda qoldi.

Angliya Premer-ligasi. 34-tur
Chelsi – Manchester Siti – 0:3
Gollar: Aguero, 33 (0:1); Aguero, 54 (0:2); Aguero, 80 (0:3, pen).
Chetlatish: Kurtua, 78 (Chelsi)

Ko‘proq yangiliklar: