Moskva AQShni Yaponiya bosh vaziriga bosim o‘tkazayotganlikda aybladi

Jahon 18:10 / 16.04.2016 961

Rossiya TIV rasmiy vakilasi Mariya Zaxarova Rossiya va Yaponiya munosabatlaridagi murakkabliklarga izoh berib, ularni AQSh tomonidan Tokioga ko‘rsatilayotgan bosim natijasi deya baholadi. U, RT telekanaliga bergan intervyusida shu haqda fikr yuritgan.

«Jiddiy tavsiya bo‘lgani aniq. Shu sababli, bizning aloqalarimiz yo‘nalishi ikkitomonga o‘zgarib ketdi», — deb bayonot bergan Zaxarova. AQSh prezidenti Barak Obama, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abedan Rossiyaga tashrifini ortga surib turishni so‘raganiga oid xabarlarni Rossiya TIV vakilasi shunday izohlagan.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Yaponiya hukumatiga jiddiy ohangda Rossiyaga bormaslik tavsiya qilingan bo‘lsa, «yaqinda Vashington rasmiy vakili, Moskva bilan bir marotaba muloqotda bo‘lish unchalik ham qo‘rqinchli emas»ligini bildirgan.

Zaxarovaning yodga olishicha, Yaponiya ayni vaqtda BMT Xavfsizlik kengashining a'zosi bo‘lsada, doimiy a'zosi bo‘lish istagida.

«Savol tug‘iladi: ikki tomonlama tashriflarga oid kelishuvlarni mustaqil hal qila olmagan davlat qanday qilib Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi bo‘lishi mumkin?», — deb xulosa qilgan Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilasi.

TASS agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe yaqin orada Rossiyaga tashrif buyurishi haqida 12 aprel kuni ma'lum qilgan. Bundan ancha avval, 24 fevralda, The Japan Times gazetasi, 9 fevral kuni Obama telefon orqali muloqotida Abedan Moskvaga bormay turishni so‘ragani haqida yozgan edi.

Putin va Abe so‘nggi marotaba, 2015 yil sentabrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashgan edi. Muloqot natijalariga ko‘ra, siyosatchilar, ikki davlat o‘rtasida tinchlik sulhini imzolash bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash niyatini bildirishgandi.

Moskva va Tokio 1956 yili urushni to‘xtatish deklaratsiyasini imzolagan, ammo u tinchlik sulhi imzolangandan keyin kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

Tinchlik memorandumi imzolanishiga Kuril orollari bo‘yicha hanuzgacha hal etilmagan tortishuv to‘sqinlik qilmoqda. Yaponiya Kuril arxipelagining 4 ta oroliga 1855 yilda ikki davlat o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida da'vogarlik qilmoqda. Rossiya esa, bu hududlar ikkinchi jahon urushi natijasiga ko‘ra, SSSR tarkibiga kirganini ta'kidlab keladi.

Ko‘proq yangiliklar: