Yaponiyaning Kumamoto shahridagi zilziladan 6 soat keyin vayronalar ostidan emizikli bola qutqarib olindi. Bu haqda Nippon Television Network telekanaliga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda.
Qutqaruvchilarga vayron bo‘lgan uylardan birining ostida 8 oylik bola qolib ketgani haqida ma'lumot kelib tushgan. Bolakayning yig‘i ovozini eshitishga muvaffaq bo‘lingandan keyin, o‘sha yo‘nalish bo‘yicha tozalash ishlari olib borilgan.
Bolakayga tezroq yetib borish uchun qurilish texnikasi chaqirtirilgan. Bolakayning hayotini saqlab qolish uchun o‘t o‘chirish xizmatining 50 qutqaruvchisi kurash olib bordi. Bolakay vayronalar tagidan olinganda ko‘pchilikning hayratiga unda bironta shikast yo‘qligi aniqlandi.
Kyusyu orolidagi zilzila oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, 761 kishi shifoxonalarga yetkazildi. Zilzila o‘chog‘i Kumamoto shahri ostida 11 km chuqurlikda bo‘lgan. Zilzila oqibatida shahardagi bir qism inshootlar vayron bo‘lgan, 38 ming uy gaz ta'minotisiz qolib ketgan.