Yaponiyadagi zilzila qurbonlari soni 9 kishiga yetdi

Jahon 07:54 / 15.04.2016 1374

Ayni vaqtga kelib Yaponiyaning Kyusyu orolidagi zilzila oqibatida 9 odam halok bo‘lgani va kamida 780 kishi jabrlangani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda tabiiy ofatlar bilan kurashish mahalliy xizmati vakiliga iqtibos keltirgan holda AFP xabar bermoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 14 aprelda Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida 6,4 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu zilzila ushbu hududda tarixdagi va 2011 yil 11 martdagi zilziladan keyin mamlakatdagi eng kuchli zilzila bo‘ldi.

Kumamoto prefekturasidagi Mashiki posyolkasi eng ko‘p talofat ko‘rdi. Bu yerda 23 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Ular maktab va jamoat muassasalarida joylashtirilganlar. Uylar vayron bo‘lgan, yong‘inlar chiqqan. Orolning o‘n minglab odamlari o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldilar.

Hukumat tabiiy ofat hududiga yordamga 400 ga yaqin harbiyni jo‘natdi.

Yaponiyada 2011 yil 11 martda yuz bergan kuchli zilzila va uning ortidan vujudga kelgan sunami oqibatida 15,9 mingga yaqin odam halok bo‘lgandi, 2,7 ming odam hanuzgacha bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. O‘sha zilzila oqibatida 400 ga yaqin inshoot vayron bo‘lgan, bir necha aholi punktlari va shahar mavzelari butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Zilzila oqibatida "Fukusima-1" AESida avariya yuz bergan.

Ko‘proq yangiliklar: